“IT Park” rezidenti “DSR Corporation” xalqaro dasturiy ta’minot ishlab chiqarish kompaniyasi “QA: Application course” maktabiga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
Kurs kompaniyaning 15 yildan ortiq tajribaga ega QA-muhandislari tomonidan ishlab chiqilgan. Ular startaplardan tortib “Fortune 500” ro‘yxatidagi kompaniyalargacha bo‘lgan yuzlab korxonalar uchun 1000dan ortiq sifatli loyihalar ustida ishlagan.
Dasturda ishtirok etish uchun QA sohasida dastlabki bilimlar talab qilinmaydi. Kursga imtihon natijalari asosida qabul qilinadi.
Nomzodlarning ingliz tili darajasi B1 (o‘rta) va undan yuqori bo‘lishi kerak. Ishtirokchilar haftada 8−10 soat vaqtini kursga ajrata olishi zarur.
Mavzular:
- Sinov asoslari va test turlari;
- Loyihalash texnikasi testi;
- Sinov hujjatlari va sinovni loyihalash jarayoni;
- Xatolar haqida xabarlar;
- Sinovlarni boshqarish asoslariga umumiy nuqtai;
- QA-muhandisining majburiyatlari;
- QA karyera boshlanishi va rivojlanishi bo‘yicha tasdiqlangan maslahatlar va tavsiyalar.
Kurs to‘liq onlayn olib borilib, 2,5 oy davom etadi. Ishtirokchilarga oldindan yozib olingan ma’ruzalar taqdim etilib, istalgan materialni istalgan vaqtda qayta ko‘rish mumkin bo‘ladi.
O‘qituvchi bilan onlayn savol-javob sessiyalarida barcha savollarga javob beriladi. Dastur haftalik onlayn seminarlar, amaliy mashg‘ulotlardan iborat.
Ishtirokchilarga yakunda raqamli sertifikat taqdim etiladi. Eng yaxshi talabalar DSR jamoasiga qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Birinchi ma’ruza 30-sentabrda boshlanadi. Kirish testi 14-oktabr kuni, yakuniy imtihon esa 16-dekabr kuni o‘tkaziladi.
Arizalar joriy yilning 28-sentabr kunigacha havola orqali qabul qilinadi. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq “IT Park” startaplarni Lissabondagi “Web Summit"ga taklif qilgandi. Unda ishtirok etish uchun jamoalar tanlov orqali tanlanadi. Natijalar 18-sentabr kuni e’lon qilinadi.