Toshkent shahrining Taras Shevchenko ko‘chasidagi “gastronomik” ko‘chaning ochilishi 1-oktabrga qoldirildi. Bu haqda Mirobod tumani hokimligi “Spot"ga xabar berdi.
Kechikish sababi qurilish jarayonida kiritilgan o‘zgartirishlar bo‘lib, ular qo‘shimcha vaqt talab qiladi. Xususan, ko‘cha bo‘ylab velosiped yo‘lagidan voz kechish hisobiga piyodalar uchun hududni kengaytirish, velosipedchilar esa qatnov qismida harakatlanishi rejalashtirilgan.
“Birinchi bosqichda „gastronomik“ ko‘cha test rejimida ishlaydi. Kelgusida Taras Shevchenko ko‘chasi transport harakati uchun yopilib, piyodalar harakatlanishi mumkin bo‘ladi”, — deyiladi tuman hokimligida.
Bundan tashqari, ayrim tadbirkorlar yozgi terrasalarni yaratishda kechikishlarga duch kelishdi. Ularni o‘rnatish biznes hisobidan amalga oshirilmoqda, biroq Mirobod hokimligi “Aloqabank” orqali kredit ajratishga va’da bergan.
Taras Shevchenkodagi “gastronomik” ko‘cha qurilishining birinchi bosqichini yakunlash muddati ikkinchi marta qoldirildi. Dastlab, qurilish ishlarini 1-sentabrga qadar yakunlash rejalashtirilgandi.
Biroq avgust oyi oxirida tuman hokimi Anvar Sayfutdinovning “Spot"ga ma’lum qilishicha, yo‘lning asfalt qoplamasi tabiiy granit toshga almashtirilgani sababli qurilishni yakunlash muddati 15-sentabrga ko‘chirilgan.
Toshkentda “gastronomik” ko‘cha
Joriy yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.
Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.
15-iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlanishi kerak edi. Biroq, jarayon oradan bir hafta o‘tib, 22-iyulda boshlandi. “Spot” Mirobod tumani hokimligi bilan gastronomik ko‘cha konsepsiyasi, ochilishining keyinga qoldirilishi, unga tutash hududlar ijarasi va tadbirkorlar bilan bog‘liq zararni kompensatsiya qilish masalalari borasida suhbatlashdi.
Shuningdek, Yashnobodda uchinchi gastronomik ko‘cha tashkil etiladi. Sodiq Azimov ko‘chasi uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirilib, hududda fudtraklar, 3D monitor, bankomat va infokiosklar o‘rnatiladi.
Sergeli tumanida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilmoqda. Uzluksiz faoliyat yurituvchi mazkur ko‘cha So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida joylashadi hamda mahalliy hokimlik va Yangi Sergeli istirohat bog‘idan boshlanib, “Fayz” mebel fabrikasida tugaydi.
Umuman, poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish belgilangan.
Avvalroq Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Shota Rustaveli” ko‘chasida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.