AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida yangi grant tanlovini e’lon qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Grant dasturi kichik va o‘rta biznes korxonalari, nodavlat tashkilotlar (NNTlar) va iqtisodiy o‘sish hamda ijtimoiy inklyuziyaga hissa qo‘shadigan boshqa tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Tashabbus biznes muhitini yaxshilash hamda to‘qimachilik, turizm, yashil iqtisodiyot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) kabi asosiy sohalar taraqqiyotini rag‘batlantirishga qaratilgan.
“USAID” ayniqsa, ayollar, yoshlar va boshqa ehtiyojmand guruhlarga yo‘naltirilgan loyihalarni moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratadi.
Grantlar miqdori qo‘shma moliyalashtirish sharti bilan $25 mingdan $100 minggacha bo‘lgan miqdorni tashkil qiladi.
“USAID” ko‘pgina korxonalar uchun loyiha xarajatlarining 50%ini moliyalashtiradi. Ayollar, yoshlar va ehtiyojmand guruhlarga yo‘naltirilgan loyihalar uchun “USAID” xarajatlarning 80%igacha moliyalashtirishni taklif qilishi mumkin.
Arizalar 2024-yilning 15-oktabrigacha qabul qilinadi. E‘lon va konsepsiya hujjatlari namunalarini bu yerdan yuklab olish mumkin.
Avvalroq “Spot” “USAID” Energiya dispetcherlik markaziga $1,4 mlnlik texnikalarni topshirgani haqida yozgandi.
Yangi qurilmalar Markaziy Osiyo elektr energiyasi oqimini boshqarish hamda nazorat qilish imkoniyatini yaxshilaydi.