Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Shota Rustaveli” ko‘chasida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 14-sentabr kuni mazkur loyiha bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Nilufar Allabergenova “Pushkin” hiyobonida suv tushar bog‘ barpo etilishi, aholiga qulayliklar yaratish maqsadida hudud yangi dizaynda bo‘lishi haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, “Koç Construction” qurilish kompaniyasi mas’uli Bahri Saka uchrashuv ishtirokchilariga bog‘ hududida olib boriladigan ishlarning loyihasi bilan tanishtirib o‘tdi.
Nilufar Allabergenova “Shota Rustaveli” ko‘chasi Xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyuradigan uzluksiz ishlovchi savdo va ko‘ngilochar hamda “gastronomik” turizm ko‘chasiga aylantirishni nazarda tutuvchi tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
“Mavjud bino va inshootlarni zamonaviy qiyofaga keltirish, jumladan, qurilish-ta'mirlash, rekonstruksiya qilish va hududni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish orqali 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi „gastronomik“ turizm ko‘chasini tashkil etish uchun tanlab olingan „Shota Rustaveli“ ko‘chasining uzunligi 1,8 kmni tashkil etadi”, — dedi tuman hokimi.
“Gastronomik” turizm ko‘chasida velosipedlar uchun uzunligi 1,6 km maxsus yo‘lak, 40 dona o‘rindiqlar, imkoniyati cheklangan insonlar uchun 10ta joyda maxsus panduslar o‘rnatiladi.
Shuningdek, 1,5 km maydonda yashil hudud barpo etilib, avtobuslar uchun mavjud 6 ta bekat to‘liq zamonaviy rekonstruksiya qilinadi. Hududda xojatxonalar tashkil etiladi.
Hududdagi kesib o‘tuvchi yer osti yo‘laklarga imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun 4 dona pandus qoyiladi va 2ta chorraxadagi yer osti yo‘laklari rekonstruksiya qilinadi.
Toshkentda “gastronomik” ko‘cha
Joriy yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.
Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.
15-iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlanishi kerak edi. Biroq, jarayon oradan bir hafta o‘tib, 22-iyulda boshlandi. “Spot” Mirobod tumani hokimligi bilan gastronomik ko‘cha konsepsiyasi, ochilishining keyinga qoldirilishi, unga tutash hududlar ijarasi va tadbirkorlar bilan bog‘liq zararni kompensatsiya qilish masalalari borasida suhbatlashdi.
Shuningdek, Yashnobodda uchinchi gastronomik ko‘cha tashkil etiladi. Sodiq Azimov ko‘chasi uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirilib, hududda fudtraklar, 3D monitor, bankomat va infokiosklar o‘rnatiladi.
Sergeli tumanida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilmoqda. Uzluksiz faoliyat yurituvchi mazkur ko‘cha So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida joylashadi hamda mahalliy hokimlik va Yangi Sergeli istirohat bog‘idan boshlanib, “Fayz” mebel fabrikasida tugaydi.
Umuman, poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish belgilangan.