“Yandex Uzbekistan” Toshkentda ilk bor talabalar va yosh mutaxassislar uchun dasturlash maktablarini ochadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, maktablar mobil va bekend dasturlashga bag‘ishlangan. Ta’lim dasturlari leksiyalar, amaliy mashg‘ulotlar va “Yandex” xizmatlaridagi haqiqiy biznes-vazifalar ustida jamoaviy ishlarni o‘z ichiga oladi.
Maktablar dasturlash bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirishni xohlaganlar uchun mo‘ljallangan. Eng yaxshi talabalar kompaniyada karyerasini boshlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Ta’lim to‘liq ko‘rinishda bo‘lib, Toshkentda ikki bosqichda o‘tadi. Birinchi bosqichda talabalar “Yandex ekspertlarining leksiyalarini tinglaydilar, seminarlarda ishtirok etadilar va amaliy topshiriqlarni bajaradilar. Har bir talabaning sohani chuqur o‘rganishi uchun o‘z mentori bo‘ladi.
Birinchi bosqichni muvaffaqiyatli yakunlagan talabalar o‘rgangan bilimlarini amaliyotda sinab ko‘radilar. Ikkinchi bosqichda ular jamoalarga birlashib, “Yandex” ofisida tajribali mentor rahbarligi ostida loyihalar ustida ishlaydilar.
Maktablar dasturi “Yandex” xodimlari tomonidan ishlab chiqiladi va ular o‘qituvchi hamda mentor sifatida faoliyat yuritadilar.
Maktabga kirish uchun 13-oktabrga qadar havola orqali ariza topshirish va test topshiriqlarini bajarish lozim. Topshiriqlarni muvaffaqiyatli bajarganlar suhbatga taklif qilinadilar.
Saralash natijalari 23−24-oktabr kunlari e’lon qilinadi. Ta’lim 28-oktabrdan boshlanadi.
Avvalroq “Spot” Izzat Shukurov “Yandex Uzbekistan” rahbari etib tayinlangani haqida yozgandi.
Bungacha u “Payze fintex” kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatini boshqargan. Shuningdek, “Newmax Technologies”, “MyTaxi” hamda “Express24” kabi loyihalarda ishtirok etgan.