Toshkent shahar hokimligi “Toshkent Invest kompaniyasi” bilan birgalikda Yangihayot tumanida savdo-ko‘ngilochar bulvari tashkil etilishini ma’lum qildi.

Savdo-ko‘ngilochar bulvari tumanning Sergeli-8 turar joy mavzesi hududida, Toshkent halqa avtomobil yo‘li (4R21) bo‘ylab yaratiladi. Hozirda tadbirkorlar bu bo‘yicha ekologik loyihada ishtirok etishga taklif qilinmoqda.

Loyiha doirasida inshootlar yengil konstruksiyalardan quriladi, bu investorlar uchun qurilish jarayonini tezlashtiradi. Loyiha dastlabki tarzda quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • gastronomik hudud — qahvaxonalar, restoranlar, tez taomlar va boshqalar;
  • sport hududi — fitnes markazi, basketbol maydonchasi, futbol maydoni va ko‘cha sporti uchun boshqa inshootlar, shuningdek, sport tovarlari do‘konlari;
  • savdo hududi — kiyim-kechak do‘konlari, eko bozor va boshqa savdo binolari;
  • bolalar ko‘ngilochar hududi — batut markazi, o‘yin maydonchalari va bolalar avtodromi.

Loyihaning umumiy maydoni 3,1 gani, uzunligi 1 kmni tashkil etadi. Hududda 250ta konteynerlar hamda 4ta funksional zonalar joylashadi. Obyekt davlat-xususiy sheriklik sharoitida investorga uzoq muddatga ijaraga topshirilishi mumkin.

Shuningdek, loyihaning dastlabki konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Hamkorlik qilish hamda batafsil ma’lumotlarni olish uchun hokimlikning toshkent@exat.uz pochta manziliga yoki +998 (71) 210−02−13 telefon raqamiga, “Toshkent Invest kompaniyasi” info@tashkentinvest.com elektron pochtasi hamda +99871 210 02 61 telefon raqamiga murojaat qilish mumkin.

Bundan oldin Toshkent shahar hokimligi “Toshkent Invest kompaniyasi” bilan mahallalardagi turmush tarzi, shaharliklar bo‘sh vaqti va ularning madaniy xususiyatlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazmoqda.

Avvalroq Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Shota Rustaveli” ko‘chasida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.