Avgust oyida avtomobil bozorida sotuvlar oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.
O‘tgan oy yakunlariga ko‘ra, avtotransport vositalarining umumiy savdosi 9%ga o‘sib, 111 ming donadan oshdi. Yillik faollik 25%ga kamaydi.
Yengil avtomobillar bozorida avgust oyida savdo 11%ga oshib, 102 ming donani tashkil etdi, bu joriy yilning fevral oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Biroq, o‘tgan yilga nisbatan yengil avtomobillar savdosi 24,6%ga qisqarishda davom etdi. Shunday qilib, oylik o‘sishga qaramay, yillik dinamika zaifligicha qolmoqda.
Yengil avtomobillarni sotuvida eng yuqori o‘sish Surxondaryo, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida mos ravishda 54%, 25,4%va 24,8%ga qayd etilgan.
Birlamchi avtomobil bozori
Birlamchi yengil avtomobil bozorida sotuvlar o‘tgan oyga nisbatan 22,4%ga oshdi, bu avvalgi oyga nisbatan qariyb 7 mingtaga ko‘pdir. Yillik hisobda faoliyat barqarorlashmoqda, iyul oyida sotuvlarning pasayishi 12% darajasida bo‘lgan bo‘lsa, avgust oyida u atigi 1%ni tashkil etdi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentida sotuv sur’atlarini oshirish tendensiyasi davom etdi. Xususan, bunday avtomobillar savdosi 22%ga o‘sish bilan 34 mingtani tashkil etdi. Yillik hisobda 5% faollik o‘sishi kuzatilmoqda.
Xorijiy yengil avtomobillar
O‘zbekiston bozorida xorijiy yengil avtomobillar bozori o‘sishda davom etdi. Iyul oyida ushbu segmentdagi sotuvlar 9,6%ga o‘sgan bo‘lsa, avgust oyida o‘sish 25,6%dan oshdi, bu avvalgi oyga nisbatan 680 tadan ortiq xorijiy avtomobilga ko‘pdir.
Shunga qaramay, faollikning bunday o‘sishi yillik sotuvlarning pasayishini qoplamaydi, bu taxminan 38%ni tashkil etdi.
Yengil avtomobillarning ikkilamchi bozoridagi vaziyat sotish hajmining yillik pasayishi tendensiyasini saqlab, sotish dinamikasining doimiy o‘sishi bilan tavsiflanadi.
Xususan, avgust oyida yengil avtomobillarning ikkilamchi bozoridagi faollik o‘tgan oyga nisbatan 5%ga oshdi.
Hisobot davrida ushbu segmentda 64,6 ming dona avtomobil sotilgan. Umuman olganda, sotuvlar yil davomida 33,7%ga kamaydi.
Elektromobillar bozori
Avgust oyida sotuvlarning pasayishi kuzatildi. Sotuvlar hajmi 1,7 ming donani tashkil etdi, bu avvalgi oyga nisbatan deyarli ikki baravar kam.
Hududlar bo‘yicha 5ta hududda sotuvlar kamayganligi qayd etildi. Shu bilan birga, umumiy pasayishning 90%dan ortig‘i poytaxt ulushiga to‘g‘ri keldi, bu yerda sotuvlar 66%ga kamaydi.
Yangi elektromobillarning birlamchi bozorida sotuvlar bir oy davomida 53%ga kamaydi, ikkilamchi bozorda esa pasayish 37%ni tashkil etdi. Yillik hisobda foydalanilgan elektromobillar savdosi 20%ga oshdi.