Joriy yilning 17-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida o‘tayotgan “Markaziy Osiyo — Germaniya” ikkinchi sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Davlat rahbari Germaniyani barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsadlarga erishishda muhim hamkorlardan biri ekanligini qayd etdi
“Mojarolar va urushlar, umuman, global miqyosdagi beqarorlik va vaziyat qaysi tomonga o‘zgarishi noaniq bo‘lib qolayotgani, sanksiyalar siyosati, proteksionizmning kuchayishi va boshqa ko‘plab omillar mamlakatlarga haddan tashqari salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, milliy islohotlarimizni amalga oshirishda jiddiy sinovga aylanmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Markaziy Osiyoda Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini bayon qildi.
Birinchi. Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida umumiy manfaatlarga javob beruvchi strategik mintaqaviy hamkorlik.
Ustuvor sohalarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan uzoq muddatli Hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishni maqsadga muvofiq, ekanligi qayd etildi. Bu hujjatni ishlab chiqish uchun “Markaziy Osiyo — Germaniya” tahliliy markazlari Forumini ta’sis etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
“Uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yili mintaqadagi qadimiy shaharlardan biri, nemis-mennonitlarining katta jamoasi yashagan Xivada o‘tkazishga tayyormiz. Sammitlarimiz kun tartiblarini tayyorlashda mamlakatlarimiz tashqi siyosat idoralari rahbarlarining yillik uchrashuvlari muhim rol o‘ynaydi, deb hisoblaymiz”, — dedi prezident.
Ikkinchi. Germaniya kompaniyalari bilan investitsion va texnologik sheriklik.
O‘zbekistonda nemis kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilgan va istiqbolli loyihalar umumiy portfeli 20 mlrd yevrodan oshgani ta’kidlandi. Ular energetika, kimyo, tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, to‘qimachilik hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarini qamrab oladi.
“Simens”, “Linde”, “BASF”, “MAN”, “Klaas”, “Xenkel”, “Knauf” kabi kompaniyalar so‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 6 mlrd yevro sarmoya kiritdi.
Prezident nemis biznesi vakillari bilan istiqbolli rejalarni muhokama qilish imkoniyati borligini ta’kidlab, ishbilarmonlar hamkorligini rivojlantirish maqsadida quyidagilarni taklif qildi:
- Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya sarmoyaviy va texnologik hamkorligini kengaytirishning yo‘l xaritasini ishlab chiqish;
- chegara hududlarida yaratilayotgan alohida iqtisodiy va sanoat zonalaridagi hamda mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilma loyihalarni amalga oshirishga yetakchi nemis kompaniyalari va banklarini jalb etish;
- doimiy biznes-muloqot maydonchasi — “Markaziy Osiyo va Germaniya” investor va tadbirkorlari kengashini ishga tushirish. Uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili Toshkent investitsiya forumi doirasida O‘zbekistonda o‘tkazish;
- investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama hukumatlararo bitimni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish.
Uchinchi. Germaniya bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida muhim xom-ashyo resurslari sohasida sheriklik.
Qayd etilganidek, Germaniya mineral resurslar agentligi va nemis kompaniyalari bu sohada O‘zbekistonning muhim sheriklari bo‘lishi mumkin. Gap geologiya razvedkasi, jadal o‘zlashtirish, qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga yetkazib berish loyihalari haqida bormoqda.
O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlardagi bunday loyihalarni birgalikda amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligi bildirildi.
“Mintaqada muhim xomashyo va nodir yer osti metallari aniqlangan konlarining raqamli kartasini yaratish bo‘yicha dasturni ishlab chiqishda Germaniya texnik ko‘magini jalb etish istiqbollidir. Bunday hamkorlikning ishonchli huquqiy bazasini shakllantirish muhim deb hisoblaymiz”, — dedi prezident.
To‘rtinchi. “Yashil” energetika.
Energetika vazirliklari, korporatsiyalar, operatorlar, ilmiy tashkilotlar, loyiha institutlari va tarmoq ekspertlarini jalb etgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Germaniya bilan Energetik muloqotini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Prezident mamlakat Germaniya texnik ko‘magini jalb etgan holda kam uglerodli iqtisodiyot sohasida mutaxassislar salohiyatini oshirish kompleks dasturini tayyorlashdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.
Beshinchi. Iqlim o‘zgarishlariga birgalikda javob qaytarish.
Ekspertlar prognoziga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasi global isish oqibatlariga nihoyatda bog‘liq bo‘lib qolmoqda. O‘rtacha haroratning oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘proq bo‘lmoqda.
“Yashil Markaziy Osiyo” dasturlari ikkinchi doirasi ishga tushirilgani va iqlim o‘zgarishlariga mintaqaning moslashuviga ko‘mak uchun nemis tomoniga minnatdorlik bildirildi.
“Biz Atrof muhim va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universiteti bazasida qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy almashuvlarni amalga oshirishdan, suvdan oqilona foydalanishda nemis texnologiyalarini joriy etish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, bioxilma-xillikni saqlash, mutaxassis-ekologlarni tayyorlashda hamkorlik dasturlarini qabul qilishdan manfaatdormiz”, — dedi davlat rahbari.
Oltinchi. Transport kommunikatsiyalarining, jumladan, yer usti va havo tashuvlarining zaif rivojlanganligi sheriklikni chuqurlashtirishda eng katta to‘siq bo‘lmoqda.
Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirishga Yevropa institutlarini jalb etishda Germaniya ko‘magiga tayanilishi qayd etildi. Kelgusi yili bu yo‘nalishlar tranzit salohiyatini oshirish yo‘llarini izlash bo‘yicha vazirlar qo‘shma konferensiyasini o‘tkazish taklif etildi.
Bundan tashqari, mamlakatlarda Madaniy tadbirlar qo‘shma rejasi qabul qilinishi, Germaniyaning yirik shaharlarida san’at va kino kunlari o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni va muzey fondlari hamkorligini o‘rnatish taklifi ilgari surildi.
“Ilmiy-ma'rifiy almashuvlar sohasida yetakchi oliygohlar sherikligi uchun platformani ishga tushirish, Gyote instituti va Germaniyaning boshqa tashkilotlari nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish muhim, deb hisoblaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sayyohlik va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish fuqarolar uchun viza tartiblarini yengillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev 15-sentabr kuni Samarqandda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Unda migratsiya, transport va muhim foydali qazilmalar sohasida 8ta shartnoma imzolandi.