Hukumat qarori bilan 2024-yilgi yig‘im-terim mavsumida paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini tasdiqlandi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida bir tonna paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxi 7,8 mln so‘m etib belgilandi. Fermer va klasterlar paxtani jahon bozoridagi paxta tolasi kotirovkalaridan kelib chiqib bog‘langan mazkur narxdan pastroq sota olishmaydi.
Joriy yil hosilidan fyuchers shartnomalaridan tashqari paxtani birja savdolariga chiqarishda uning boshlang‘ich narxini bir tonnasi uchun 6,8 mln so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorida e’lon qilish talab etiladi.
Paxta yetishtiruvchilar tomonidan birjada sotilgan paxtaning har bir tonnasi uchun elektron hisobvaraq-faktura asosida 1 mln so‘m miqdorida subsidiya to‘lanadi. Mablag‘lar Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi.
Shuningdek, paxta terish mashinalari tomonidan terilgan har bir tonna paxtani yig‘ib-terib olish xizmati bahosining 20%i, biroq 250 ming so‘mdan oshmagan qismi qoplab beriladi.
Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlari yig‘im-terim xarajatlarini moliyalashtirish uchun 3 oylik imtiyozli davr bilan 10 oy muddatga yillik 10% stavkada kredit olishlari mumkin bo‘ladi.
Narx qanday va nima uchun belgilanadi?
Prezident 2023-yilning dekabrida paxta yetishtirish tizimini isloh qilishni tasdiqladi. 2024-yilgi hosildan boshlab fermerlar o‘z hududidagi klasterdagi eng yuqori narx taklifi bilan fyuchers shartnomalarini tuzishlari kerak.
Shartnomalar Respublika tovar-xom ashyo birjasining maxsus bo‘limi orqali amalga oshiriladi. Boshlang‘ich narx Nyu-York birjasidagi paxta tolasining oxirgi 12 oydagi o‘rtacha narxidan kelib chiqib belgilanishi kerak edi.
Biroq, mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupovning ta’kidlashicha, rasmiylar trend yuqori bo‘lgan yil boshidagi mavsumiy yuqori narxlarga e’tibor qaratishgan.
Kuzga kelib, Nyu-York fond birjasida narx tushib ketdi va hozir qayta hisoblash usuliga ko‘ra, 1 kg uchun 6 ming so‘mga yaqinlashmoqda. Qo‘shni Qozog‘istonda paxtani arzonroq sotib olish mumkin.
Natijada klasterlar fermerlarga paxtani arzonroq narxda sotishga rozi bo‘lishlari uchun bosim o‘tkaza boshlaydi. Yusupov, shuningdek, mohiyatan narx hamon davlat tomonidan belgilanishini qayd etadi.
O‘zbekistonning “oq oltini”
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilgi tadbirkorlar bilan muloqotda klasterlar 6 trln so‘m zarar ko‘rganini ma’lum qilgandi. Sababi paxta tolasining narxi jahon bozoridagidan ikki baravar yuqori xarid narxi edi.
2023-yilning oktabrida sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov “hech kim zarar ko‘rmasligi kerak” deya izoh berib, erkin narxlar joriy etishni “zarur” qadam dedi.
Avgust oyida to‘qimachilik korxonalariga paxta xomashyosini xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Kredit miqdori paxta tannarxining 20%igacha bo‘lib, yillik 10%dan 10 oygacha bo‘lgan muddatga beriladi.