Avvalroq, joriy yilning 15−16 sentabr kunlari Germaniya federal kansleri Olaf Shols O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Unda tomonlar migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitimni imzolashgandi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Bekzod Musayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida bu shaffof, tashkillashtirilgan migratsion jarayonlarni yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘layotganini qayd etdi.
Xususan, Germaniyaning “Deutsche Bahn” temir yo‘l kompaniyasi bilan avtobus va temir yo‘l haydovchilarini tayyorlash rejalashtirilgan.
“Globogate” tashkiloti bilan birgalikda hamshiralarni tayyorlashni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Joriy yilning o‘zida O‘zbekistondan 800dan ortiq hamshiralar tashkiliy ravishda Germaniyaga yuborilmoqda, 400 nafari ketib bo‘lishdi. Qolganlari til imtihonlarini topshirishmoqda. Ularning qo‘liga tegadigan oyliklari eng kamida 2200 yevroni tashkil etadi", — dedi vazir.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuv fuqarolarga mashinasozlik, trasport va tibbiyot sohalarida Germaniyaning yuqori texnologiyalarini o‘rganish imkonini berishini qayd etdi.
“Juda murakkab hujjat bir yil ichida tayyorlandi va imzolandi. Bitim bir yoki besh yilni emas, balki, 10, 20 hamda 30 yilni qamrab oladigan hujjat bo‘ldi”, — deya qo‘shimcha qildi Musayev.
“Euronews” ta’kidlaganidek, kelishuv O‘zbekistondan malakali mutaxassislarning kirib kelishini soddalashtiradi. Shuningdek, u yuridik maqomiga ega bo‘lmagan shaxslarni deportatsiya qilishni tezlashtirishni ham nazarda tutadi. “dpa” ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada 13,7 ming nafar O‘zbekiston fuqarosidan 200 nafarga yaqini bor.
“Biz iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun yuqori iqtidorli odamlarga kirish imkoniyatlarini taqdim etamiz. Mamlakatimizda qola olmaganlar qaytishi uchun byurokratiyani ham kamaytirmoqdamiz”, — deya qayd etdi Shols.
Joriy yilning aprel oyida Bandlik vazirligi nemis ish beruvchilari qishloq xo‘jaligi, mehmonxonalar va boshqa sohalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga 5 mingdan ortiq o‘zbekistonliklarni taklif qilayotgani haqida xabar bergandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida Germaniyadan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan 64%ga o‘sgan.