O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida muhim xomashyo sohasida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat joriy yilning 16-sentabr kuni vazirning birinchi o‘rinbosari Omonulla Nasritdinxo‘jayev hamda AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik o‘rtasida imzolandi. Memorandum foydali qazilmalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, kelishuvdan ko‘zlangan maqsad mamlakatlar o‘rtasida muhim xomashyo sohasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, boshqa yo‘nalishlardagi aloqalarni ham rivojlantirishdan iborat.
Bu hujjat muhim xomashyo sohasida AQSh-O‘zbekiston muloqotining davom etishiga, geologiya qidiruv, qazib olish va yuqori qiymatli mahsulot zanjirini yaratishda “muhim qadam” bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari bilan suhbat o‘tkazildi. Ular 24−26-sentabr kunlari Nevada shtati Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tadigan tog‘-kon sanoatidagi “MINExpo International” ko‘rgazmasida ishtirok etishadi.
Muhim foydali qazilmalarni qazib chiqarish 2023-yilning sentabr oyida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va AQSh (C5+1) davlat rahbarlari sammitidagi mavzulardan biri bo‘lgandi. O‘shanda ta’kidlanganidek, Amerika tomoni yaqin yillarda energiya xavfsizligini ta’minlashni kutmoqda.
Aprel oyida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan yashil texnologiyalarga barqaror o‘tish uchun muhim xomashyo yetkazib berishni diversifikatsiya qilish bo‘yicha memorandum imzoladi. 15-sentabr kuni Germaniya kansleri bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida ham mazkur mavzuga to‘xtalib o‘tildi, yakunida deklaratsiya imzolandi.
Muhim minerallar Janubiy Koreya bilan hamkorlik qilishda ham ustuvor yo‘nalishlardan biri qilib belgilangan. Bu resurs bazasini chuqur qayta ishlagan holda qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirini yaratish rejalashtirilmoqda.