Qarshi shahrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan sex aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, fuqaro A.N. va boshqalar tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan Qarshi shahri “Naqshab” MFY hududidagi xonadonda novvot ishlab chiqarish sexini tashkil etishib, umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga yashirincha ulanib olgan.
Buning natijasida jami 232,8 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Andijonda 286,3 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, fuqaro avtomobillarni yuvish shoxobchasida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib olgani aniqlandi.