Turkiyalik investorlar Farg‘ona viloyatida quyosh elektr stansiyasi qurishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

16-sentabr kuni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Turkiya prezidenti huzuridagi Turizm qo‘mitasi a’zosi Ibrohim O‘zer bilan turk ishbilarmonlari ishtirokida energetika, ijtimoiy soha va tibbiyot sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalarni muhokama qildi.

Unda Farg‘onadagi “Yangi O‘zbekiston” massivida quvvati 80 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi qurilishi haqida ma’lum qilindi.

Stansiya 80 mln kvadrat metr maydonni egallaydi. Shuningdek, 150 mln kVt/soat ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, energiya saqlash tizimlarini qurish mumkin.

Loyihaning qiymati 57 mln yevroga baholanmoqda, kuzda investitsiya shartnomasi va “Milliy elektr tarmoqlari” bilan elektr energiyasini majburiy sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolanadi.

Noyabr oyi oxiriga qadar 2025-yilning uchinchi choragida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “yashil” loyihaga tayyorgarlik yakunlanadi.

Bundan tashqari, maktablar va chekka qishloqlarning ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, aholi punktlaridagi vrachlik punktlarini ta’mirlash, tibbiyot sohasida jarrohlik amaliyoti uchun maxsus asboblar yetkazib berish bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi.

2022-yil may oyida Shavkat Mirziyoyev 300 gektar maydonda 298 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan “Yangi O‘zbekiston” massivida bo‘lgandi.


Avvalroq “Spot” Malayziya kompaniyasi Farg‘onada qiymayti $150 mlnlik quyosh elektr stansiyasini qurishi haqida yozgandi. Stansiya quvvati 200 megavattni tashkil etib, buning uchun “Sunview Group” kompaniyasiga Farg‘ona tumanidan yer maydoni ajratilgan.