O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya AQShda bo‘lib, bojxona sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan uchrashuv va muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif doirasida Akmalxo‘ja Mavlonov bilan AQShning Bojxona chegara xizmati komissari Troy Miller o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonning AQSh bilan tovarlar tashqi savdosi so‘nggi 6 yilda 48%ga oshdi. Joriy yilning 8 oyida bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 64%5ga o‘sgan. Qayd etilishicha, mavjud salohiyat va imkoniyatlar orqali ko‘rsatkichlarni yanada oshirish mumkin.
Bunga ikkala davlat bojxona xizmatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va axborotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali erishish mumkinligi ta’kidlandi. Muzokaralarda asosiy e’tibor bojxonada xavflarni monitoring qilish, bojxona tartibotlarini raqamlashtirish hamda inson resurslaridan samarali foydalanish kabi masalalarga qaratildi.
Tomonlar “Hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida"gi bitimni imzolashdi. O‘zaro munosabatlarda “yangi sahifa ochuvchi” hujjat O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida bojxona sohasida axborot almashish imkonini beradi.
Shuningdek, bu kelishuv giyohvand moddalar savdosi, odam savdosi, transmilliy jinoiy guruhlar, jinoiy daromadlarni legallashtirish, bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
AQSh bojxona sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi bu kabi ikki tomonlama bitimlarni dunyo bo‘ylab 200ga yaqin davlatlar ichida 17ta davlat bilan imzolagan bo‘lib, O‘zbekiston bu ro‘yxatda 18-davlat sifatida qayd etildi.
Muzokaralarda AQSh chegara va bojxona xizmatining targetlash bo‘yicha mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb qilish, shuningdek o‘zbekistonlik mutaxassislarning AQShda malaka oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Avvalroq “USAID” O‘zbekistondagi biznes uchun yangi grant dasturini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi. Tashkilot loyihaning 50%igacha moliyalashtiradi. Grantning maksimal miqdori $100 mingni tashkil qiladi.