Rossiya kompaniyalari Turkiya banklari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda yana qiyinchiliklarga duch kelishmoqda, ular ko‘pincha boshqa mamlakatlarga, jumladan, Yevropaga moliyaviy operatsiyalarni o‘tkazish uchun ishlatiladi. Bu haqda “Vedomosti” ichki manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashrning yozishicha, dastlab Yevropa banklari bilan muammolar yuzaga kelgan, ular turk banklaridan Rossiya kompaniyalari foydasiga to‘lovlarni qabul qilishdan bosh tortgan. Ammo so‘nggi haftalarda turk banklarining o‘zlari tranzit to‘lovlarini to‘sib qo‘yishni boshladi.
Muammolarni “First Group” bosh direktori Aleksey Poroshin, “FTL Advisers” yuridik firmasi sherigi Igor Kuznets va “Nordic Star” kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Andrey Gusev tasdiqladi.
Asosiy qiyinchiliklar dollar va yevroda to‘lashda, shuningdek, yuandagi operatsiyalarda yuzaga keladi. Shu bilan birga, rubl va liradagi to‘lovlar hozirgacha kamroq muammolar bilan o‘tdi.
Nashr suhbatdoshlarining fikricha, muammo qoidalarga rioya qilishning kuchaytirilishi bilan bog‘liq.
So‘nggi oylarda rossiyalik tadbirkorlar tranzit uchun BAA, Gonkong va Turkiyaning o‘zida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalardan foydalangan, biroq hozirda banklar ularga nisbatan tekshiruvlarni kuchaytirgan.
Yanvar oyida turk banklari Rossiyadan to‘lovlarni qayta ishlashni to‘xtatgan edi. AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini kuchaytirishi tufayli tranzaksiya muammolari yomonlashdi.
Fevral oyidan boshlab turk banklari rus kompaniyalari uchun hisob raqamlarini yopishni boshladilar, may oyida esa rossiyaliklar uchun yangi hisoblar ochishni keskin chekladilar. Qoidaga ko‘ra, faqat katta summaga ega bo‘lgan mijozlar ruxsat oladi.
Avvalroq Xitoy banklari rossiyalik importchilar bilan ishlaydigan yetkazib beruvchilar uchun hisob ochish bo‘yicha hududiy cheklovlar joriy qila boshlagani haqida xabar berilgandi.
Endi Xitoy kompaniyalari faqat asosiy faoliyatlarini amalga oshiradigan viloyatda hisob raqamlarini ochishlari mumkin.
Bungacha Xitoyning bir qator banklari Rossiyada sotib olingan yuanni qabul qilishdan bosh tortib, valyutaning “toza” va “iflos” bo‘linishini joriy qilishdi. Kelib chiqishini tekshirish uchun bank mutaxassislari valyuta operatsiyalari tarixini o‘rganadilar.
Avvalroq “Spot” Turkiyaning “Ziraat banki” rubl hisoblarini ochishni to‘xtatgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, rubl hisoblari egalariga pulni liraga aylantirish va xizmatlar uchun to‘lash uchun bank kartalaridan foydalanish taklif qilingan. Hozirda bank mazkur holatning sababini keltirmagan.