O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana oshdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 739,95 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 7 so‘m 39 tiyinga oshdi.
13-sentabr kuni dollar kursi rekord darajani qayd etib, 12 749,75 so‘mni tashkil etdi. Bungacha 12-sentabr kuni AQSh valyutasining kursi 12 741 so‘m bilan yangi rekordni qayd etgandi. Shuningdek, dollar kursi 11-sentabr, 10-sentabr, 5-sentabr va 4-sentabr kunlari oshgan.
Avvalroq “Spot” dollarning rasmiy kursi avgust oyida qanday o‘zgargani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, o‘zbek so‘mi yoz davomida birinchi marta dollarga nisbatan arzonlashdi. O‘tgan oylarda milliy valyuta 80,9 so‘m yo‘qotdi.
Ekspertlarning fikricha, birinchi yarim yillikda so‘m real kursining mustahkamlanishi vaqtinchalik xarakterga ega bo‘ldi. Yil oxirigacha tahlilchilar tashqi savdo taqchilligining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi tufayli milliy valyutaning zaiflashuvi tezlashishini kutmoqda.
Bundan tashqari, dastlabki olti oyda dollar kursining o‘tgan yilga nisbatan kamroq qimmatlashuvi dollarning ko‘proq kelib tushishi hamda eksport o‘sishi kabilar bilan bog‘liq bo‘ldi.