AQShning Toshkentdagi elchixonasi uchta rasmiy avtomobilini ochiq offlayn auksionga qo‘yadi. Bu haqda diplomatik vakolatxona saytida xabar berildi.
Auksionda ishtirok etish uchun O‘zbekiston fuqarolari va boshqa xorijiy vakolatxonalarning diplomatlari taklif etiladi.
Xaridor avtomashinani bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishi va uni Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasida ro‘yxatga olish uchun mas’ul bo‘lib, barcha bojxona va boshqa to‘lovlarni to‘lashi shart. Hozirda avtomobillar “vaqtincha olib kirish import” maqomida.
Quyidagi avtomobillar sotuvga chiqariladi:
- 2ta 2012-yilgi “Chevrolet Colorado” pikaplari (oq, yurgan masofasi 69 855 km va 77 614 km) — $2 ming;
- 2015-yilgi “Chevrolet Impala Limited” sedani (metall kulrang, yurgan masofasi 79 328 km) — $3 ming.
Bojxona to‘lovlari va import bojlari bojxona deklaratsiyasida $30 mingdan $60 minggacha bo‘lgan import qiymatidan kelib chiqib belgilanadi.
Elchixona bojxona rasmiylashtiruvi xarajatlarini hisoblash uchun bojxona brokeri (deklanart) bilan maslahatlashishni tavsiya qiladi.
To‘lov naqd pulda, AQSh dollarida yoki o‘zbek so‘mi ekvivalentida amalga oshirilishi kerak. Milliy valyutada to‘lov amalga oshirilganda kamida 50 000 so‘mlik banknotalar qabul qilinadi.
Auksionda ishtirok etish uchun 20-sentabr soat 16:00gacha TashkentAuction@state.gov elektron manziliga pasport yoki ID-karta nusxasini yuborish kerak. Qo‘shimcha mehmonlarga ruxsat berilmaydi.
Tender savdolari 21-sentabr kuni soat 09:00da elchixonaning tashqi avtoturargohida bo‘lib o‘tadi. Kirish paytida pasport yoki shaxsiy guvohnomani taqdim etish kerak.
Avgust oyida Amerika elchixonasi 7ta avtomobilni, shu jumladan, bo‘lajak kimoshdi savdosi uchun e’lon qilingan avtomobillarni sotuvga qo‘ydi. Biroq, katta qiziqish tufayli, diplomatik vakolatxona arizalarni ko‘rib chiqish uchun auksionni keyinga qoldirdi.