O‘zbekistonliklar uchun Germaniyaga ishchi viza berish shartlari yengillashtiriladi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 15-sentabr kuni vazir Behzod Musayev Samarqandda Germaniya Ichki ishlar va Vatan vaziri Nensi Fezer bilan muloqot o‘tkazdi.
“Migratsiya masalasida bir qator yengilliklar ishlab chiqilmoqda. Bitim doirasida nemis ish beruvchilari uchun o‘zbekistonliklarni soddalashtirilgan tartibda ishga qabul qilishga tayyormiz”, — dedi Nensi Fezer xonim.
Bundan tashqari, Germaniyaning Aaxen universitet klinikasi bilan Toshkentdagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi 1-respublika tibbiyot texnikumi bazasida “Hamshiralar uchun Germaniya tibbiyot akademiyasi” tashkil qilinadi.
Bu bo‘yicha “Globogate Concept AG” konserni o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan bo‘lib, bo‘lajak akademiya nemis tibbiy-ta'lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Uning natijasida Germaniyada tibbiyot sohasida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar O‘zbekistonning o‘zida kasb va tilga maqsadli o‘qitiladi. Bungacha ular mamlakatga borgach, 6−8 oy vaqtini moslashish uchun sarflashga to‘g‘ri kelardi.
“Bir yil davomida kasb va til o‘rgatiladi. Muhimi, ular diplom olish bilan bir qatorda Germaniyada ishlash huquqini beruvchi kasbiy sertifikatni ham qo‘lga kiritadi”, — dedi “Globogate Concept AG” konserni bosh direktori Sang Vu Pay.
Shartnomada fuqarolarning huquqlari ikki davlat qonunlari bilan himoya qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, bandlik vazirligi hamda Germaniyaning “DB Engineering Consulting Operations Group” kompaniyasi o‘rtasida bayon imzolandi. Hujjat Germaniya temir yo‘llari (“Deutsche Bahn”) uchun mutaxassislar tayyorlashni nazarda tutadi.
Germaniyada transport, muhandislik sohalarida ishlash istagidagi fuqarolar bu davlat standartlari asosida Bandlik hamda Transport vazirliklari qoshidagi kasbiy ta’lim muassasalarida til va kasbga o‘rgatiladi. Ta’lim jarayonlari germaniyalik mutaxassislar tomonidan olib boriladi.
“Germaniya temir yo‘l transporti, avtobus, metropoliten tizimi uchun mutaxassislarga ehtiyojimiz baland va ularni nemis standartlari asosida O‘zbekistonda o‘qitib, kasb va til imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni esa „Deutsche Bahn“ tarmog‘iga ishga joylashtirishga tayyormiz”, — dedi Niko Varbanoff.
Avvalroq Bekzod Musayev joriy yilda O‘zbekistondan 800dan ortiq hamshiralar tashkiliy ravishda Germaniyaga yuborilishini, 400 nafari ketishganini ma’lum qilgandi.
Joriy yilning aprel oyida Bandlik vazirligi nemis ish beruvchilari qishloq xo‘jaligi, mehmonxonalar va boshqa sohalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga 5 mingdan ortiq o‘zbekistonliklarni taklif qilayotgani haqida xabar bergandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida Germaniyadan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan 64%ga o‘sgan.