Janubiy Koreyaning KINGS Oliy xalqaro atom energetikasi maktabi (Kepco International Nuclear Graduate School) grant dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda Atom energiyasi agentligi (“O‘zatom”) matbout xizmati xabar berdi.
Dastur doirasida agentlik hamda va Koreya elektr energetika korporatsiyasi (KEPCO) tomonidan 2025−2027 o‘quv yillari uchun magistratura bo‘yicha nomzodlar tanlab olinadi.
Talabalarga quyidagi mutaxassisliklar taklif etiladi:
- atom elektr stansiyasi muhandisi;
- energiya siyosati bo‘yicha mutaxassis.
Nomzodlar bakalavr yoki undan yuqori darajaga, bir yillik ish tajribasiga ega bo‘lishlari kerak. Shu bilan birga, IELTS yoki TOEFL sertifikati talab qilinadi.
Onlayn ilovaga kirish uchun KINGS veb-saytida (www.kings.ac.kr) ro‘yxatdan o‘tish kerak. Nomzodlar o‘zlarining hisobini yaratgach, kerakli ma’lumotlarni to‘ldirishadi.
Nomzodlardan quyidagi hujjatlar qabul qilinadi:
- rasm
- ariza shakli;
- maqsad bayoni;
- o‘qish va karyera rejasi;
- ish joyidan ma’lumotnoma;
- ikkita tavsiyanoma;
- diplom va baholar transkripti;
- ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat.
Barcha ariza hujjatlari ingliz tilida bo‘lishi kerak. Boshqa tildagi hujjatlar qabul qilinmaydi, lekin notarial tasdiqlangan ingliz tilidagi tarjimani ilova qilish mumkin.
Hujjatlarni ko‘rib chiqishdan o‘tgan nomzodlar onlayn test topshirishlari shart. Ularga havola alohida yuboriladi. Barcha talablar bilan havola orqali tanishish mumkin.
Dasturda ishtirok etish uchun hujjatlarni joriy yilning 31-oktabrigacha jo‘natish mumkin.
Batafsil ma’lumotlar, talablar va imkoniyatlar haqida +998 71 202 09 20 (ichki raqam 39), +998 97 428 08 19 raqamlaridan, shuningdek, KINGS veb-saytidan olish mumkin.
Bitiruvchilar o‘z faoliyatini “O‘zatom” agentligi, uning shuba korxonalari, jumladan energetika sohasi hamda mamlakatda barpo etiladigan atom elektr stansiyasida davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq “USAID” O‘zbekistondagi biznes uchun yangi grant dasturini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi. Tashkilot loyihaning 50%igacha moliyalashtiradi. Grantning maksimal miqdori $100 mingni tashkil qiladi.