2026-yilgacha Toshkent metropoliteniga 104ta metro vagonlari olib kelinadi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” matbuot xizmati xabar berdi.
2023-yilda poytaxt metrosi 172 mln nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatgan bo‘lib, joriy yil yakunigacha bu 209 mln nafar yo‘lovchini tashkil etishi kutilmoqda.
O‘z navbatida, hozirda kunlik yo‘lovchilar soni 920−930 ming nafarni tashkil etib, yil yakunigacha bir kunda 1 mln nafarga yetishi prognoz qilinmoqda.
“Toshkent metropoliteni” daromadlari 2016-yildagi 63 mlrd so‘mdan 2023-yilda 477 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan davrga nisbatan qariyb 8 barobarga ko‘paydi. O‘rtacha ishchi xodimlar oylik ish haqi 2016-yilda 815 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda — 6,2 mln so‘m.
So‘nggi 3 yilda yangi turdagi 29ta harakat tarkiblari xarid qilinib, 2024-yilda poyezdlar soni 65taga yetkazildi. Xizmat muddatini o‘tib bo‘lgan harakat tarkibi — 21ta.
2021-yilda nosozliklar va to‘xtab qolish holatlari 138tani tashkil qilgan. 2023-yilda bunday holatlar soni 71ta qayd etilib, 2 barobarga kamaygan.
Joriy yil yakunidan boshlab 48ta va 2025-yil davomida yana qo‘shimcha 56 dona metro vagonlarini xarid qilish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida tasarrufdagi harakat tarkiblarini yangilanishiga hamda yo‘nalishlarda poyezdlar oraliq intervalini qisqartirish belgilangan.
Yangi metro vagonlari kelishiga 3 oy qolgani va yangi vagonlar kelishi bilan Chilonzor, O‘zbekiston, Yunusobod va Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida vagonlar soni ortishi hamda buning hisobiga oraliq interval hozirgi 9, 4 daqiqadan 2−3 daqiqagacha kamaytiriladi.
“Toshkent metropoliteni” fuqarolardan metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilish so‘ralgan.
Harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketgunigacha kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi.
“Bularning barchasi oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.
Yil boshida ham Toshkentga to‘rt vagonli 3ta metro poyezdi olib kelingandi. Aprel oyida ham metropolitenga to‘rt vagonli 2ta metro poyezdlari yetkazildi.
May oyida vagon parkiga to‘rt vagonli 3ta metro poyezdlari kelib qo‘shildi. Iyun oyida Rossiyadan poytaxt metrosiga 12ta vagon jo‘natilishi kerak edi.
2026-yilgacha Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasi Toshkent metropoliteniga 72ta vagon yetkazib berishni rejalashtirgan.