Oliy Majlis qonunchilik palatasi kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi, deya xabar berdi parlament palatasi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, mikromoliya tashkilotlariga yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.

Prezident bu tashabbusni avgust oyida e’lon qilgandi. Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda mikromoliya kompaniyalari, jumladan, Markaziy bankdan tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan taqdirda, to‘lov tashkilotlari faoliyati bilan shug‘ullanishiga ruxsat berilishini ta’kidladi.

Shuningdek, qonun loyihasida nobank kredit tashkilotlarini “AJ” yoki “MChJ” shaklida tashkil etish taklif etiladi.

Qonun loyihasida kafolat va kafolatlar beruvchi ixtisoslashtirilgan tashkilot tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. U qonun hujjatlariga muvofiq kafolatlar berish va boshqa xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha kasbiy faoliyatni amalga oshiradi. Tashkilot faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi.

Nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi jismoniy yoki yuridik shaxslarning ulushi 10%dan 20%gacha bo‘lgan hollarda, bu haqda tartibga soluvchi organni xabardor qilish kerak bo‘ladi.

Yaqin kelajakda mikromoliyaviy banklar tashkil etishga ruxsat beruvchi qonun qabul qilinishi kutilmoqda.

Ularning ustav kapitali 50 mlrd so‘mdan iborat bo‘lishi mumkin, kredit portfelining kamida 70%ini kichik va o‘rta biznes uchun kreditlar tashkil etishi shart.

2019-yilda Prezident mikrokreditlar miqdori chegarasini 300 mln so‘mga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Norma 2022-yilda qabul qilingan “Nobank kredit tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan.


Avvalroq “Spot” mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga oid nizom tasdiqlangani haqida yozgandi. Buning uchun ular maxsus kengash tuzishi va alohida buxgalteriya hisobini yuritishi kerak.