2025-yildan boshlab Moskva viloyatida bir qator sohalarda migrantlarning ishlashi cheklanadi. Bu haqda “RBC"nashri xabar berdi.

Moskva viloyatida xorijlik ishchi kuchi zarur bo‘lgan hududlar bor, ularsiz ham yaxshiroq bo‘lgan hududlar bor, dedi Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov “RIA Novosti” agentligiga.

Unga ko‘ra, migrantlar ustidan nazorat kuchaytiriladi, qurilish industriyasi va moddiy-texnika ta’minoti, tibbiyot, ta’lim va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda, ularning patent bo‘yicha ishga joylashish imkoniyati cheklanadi.

Vorobyov, shuningdek, chet el fuqarolarini spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari sotish va ko‘chadagi oziq-ovqat korxonalarida ishlashga jalb qilishni rad etishni zarur deb hisobladi.

“Iqtisodiyot bor, keyin xavfsizlik bor. Ishonchim komilki, biznes migrantlardan foydalana olmaydigan barcha sohalarda malakali va oqilona yechim topadi”, — dedi Vorobyov.

2025-yil 1-yanvardan boshlab bir qator hududlarda migrantlar mehnatini taqiqlashni joriy etish rejalari haqida avvalroq Moskva viloyati hukumati raisi o‘rinbosari Natalya Maslenkina ma’lum qilgandi.

Gap ko‘cha taomlari, sport, dam olish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy xizmatlar sohalari haqida ketmoqda.

“Bunday ishga joylashish uchun rus tilini sifatli bilish juda muhim, chunki bu “aholi bilan ishlash"ni nazarda tutadi”, dedi Maslenkina.


Avvalroq “Spot” Rossiyada mehnat muhojirlariga qaytish chiptasi pulini oldindan to‘lash talab qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.

Bu ular mehnat patenti yoki shartnomasi muddati tugaganligi sababli qaytarilgan taqdirda, shuningdek, noqonuniy xatti-harakatlar uchun Rossiyadan chiqarilganda talab qilinadigan aviachipta narxi hisoblanadi.