Uchta bankning 150ga yaqin xodimi tadbirkorlik qilishi aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik tomonidan “Mikrokreditbank”, “Biznesni rivojlantirish banki” hamda “Turonbank” va ularning tizim tashkilotlari o‘rganildi.
Natijada, ularning 148 nafar boshqaruv xodimi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi. Mazkur xodimlar 155ta kompaniyada ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.
Eng ko‘p qonunbuzilishi “Mikrokreditbank"da kuzatilib, bankning 94 nafar boshqaruv xodimi 96ta tadbirkorlik subyektida ulushdor bo‘lgan.
Bundan tashqari, “Biznesni rivojlantirish banki"ning 41 nafar boshqaruv xodimi 46ta, “Turonbank"ning 13 nafar boshqaruv xodimi 13ta kompaniyada ta’sischi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Mazkur holatlar bo‘yicha agentlik tomonidan banklarga taqdimnomalar kiritildi. Kompaniyalarda ta’sischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilib, qonunbuzilishi bartaraf etilmoqda.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonunlarida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.
Aksilkorrupsiya agentligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari va ularning tizim tashkilotlaridagi 398 nafar boshqaruv xodimining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishini aniqlagandi.
Undan keyin Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlaridagi 107 nafar boshqaruv xodimi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilning iyun oyida qabul qilingan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonunda davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi, uning yaqin qarindoshlari yuridik shaxs ulushlariga egalik qilsa, aloqador shaxslar deb e’tirof etiladi.