O‘zbekistonliklar Slovakiyaga ishga taklif etilmoqda. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda mamlakatdagi ishlarga 320 nafar kara haydovchilaridan arizalar qabul qilinmoqda.
Oylik maosh $1200−1500ni tashkil etadi. Bunda dastlabki ikki oy sinov davrida $900 beriladi.
Nomzodlar 45 yoshgacha, “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi, rus tilini bilishi kerak.
Bundan tashqari, ulardan kara haydash imtihonidan o‘tish talab qilinadi.
Turar joy, tushlik va transport xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplab beriladi.
Mazkur bo‘sh ish o‘rinlari uchun nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Batafsil ma’lumotlarni 71 200 86 00 telefon raqami hamda bu yerdan olish mumkin.
Fuqarolar safar xarajatlarini qoplash uchun quyidagi tartibda kompensatsiya olishlari mumkin:
- xorijiy til yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirib, sertifikat olganda — BHMning 3 baravarigacha miqdorda (1 mln 20 ming so‘m);
- “ishchi viza"ni rasmiylashtirish uchun — BHMning 5 baravarigacha miqdorda (1,7 mln so‘m);
- chipta xarid qilishga — BHMning 2 baravarigacha miqdorda (680 ming so‘m).
O‘zbekistonliklar uchun Germaniyaga ishchi viza berish shartlari yengillashtirish rejalashtirilmoqda. Mamlakatning “Globogate Concept” hamda “Deutsche Bahn” kompaniyalari ishtirokida fuqarolarni hamshiralik hamda transport sohalarida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq fuqarolar Slovakiya, Vengriya, Xorvatiya hamda Rossiyaga ishga taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Jami 9,5 mingdan ortiq ish o‘rni mavjud bo‘lib, ish haqi sohalarga qarab $900dan $2,5 minggachani tashkil etadi.