“Yandex Uzbekistan” Toshkentda kuryerlar uchun maxsus dizayndagi elektrovelosipedlarni taqdim etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati
Taqdimot poytaxtda o‘tkazilayotgan “ICT Week” konferensiyasida doirasida tashkil etildi. Qayd etilishicha, elektrovelosipedlar poytaxtda oktabr oyidan paydo bo‘ladi.
Velosipedlar xavfsiz harakatlanish uchun tezlikni majburiy nazorat qiluvchi IoT moduli bilan jihozlangan. U odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda tezlikni majburiy, lekin sekinlik bilan pasaytirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, unda harakatlanuvchi termosumka uchun yukxonaga ega qulay konstruksiya mavjud. G‘ildiraklari keng qanotlar bilan jihozlangan bo‘lib, ular kiyim va sumkani chang yoki suvdan himoya qiladi.
Velosipedning o‘rindig‘i turli bo‘y va tana tuzilishiga moslab ishlangan, kompaniyaning qayd etishicha, bu uzoq safarlarda charchoqni kamaytirishga yordam beradi.
Shuningdek, velosipedda smartfonlarni quvvatlash uchun USB-port mavjud. Sekin yurish rejimi esa kuryerlarga velosipedni zinapoyalardan, masalan, yer osti yoki yer usti o‘tish joylaridan olib o‘tish imkonini beradi.
“Bizning kuryerlar uchun mo‘ljallangan elektrovelosipedimiz buyurtmalarni qanday bajarishi, ularning kuni qanday o‘tishi haqidagi bilimlarimizni o‘zida mujassam etgan. Shu tariqa biz xavfsizlik xususiyatlari bilan ajralib turadigan qulay va ishonchli transport vositasini yaratdik”, — dedi “Yandex Eats” xizmatining O‘zbekistondagi rahbari Stanislav Datsko.
Joriy yilning iyul oyida kompaniya kuzda mamlakatdagi biznesini rivojlantirish maqsadida Toshkentda ofis ochishi ma’lum bo‘lgandi. Undan keyin, IT-mutaxassislar uchun amaliyot dasturini ishga tushirdi.
Avvalroq Izzat Shukurov “Yandex Uzbekistan” rahbari etib tayinlangani haqida xabar berilgandi. Bungacha u “Payze” fintex kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatini boshqargan. Shuningdek, “Newmax Technologies”, “MyTaxi” hamda “Express24” kabi loyihalarda ishtirok etgan.