Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda inklyuziv moliya sektorini rivojlantirish dasturini tasdiqladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Tashabbus bank xizmatlari bilan yetarlicha qamrab olinmagan mikrofirmalar uchun moliyalashtirish imkoniyatini kengaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida O‘zbekiston OTBdan $300 mln miqdorida kredit oladi, bu barqaror va inklyuziv o‘sishni ta’minlashga qaratilgan tuzilmaviy islohotlarga ko‘maklashadi.
“Inklyuziv va barqaror mikromoliyalash sektori mikro va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun juda muhim, bu iqtisodiy o‘sish va O‘zbekistonda ish o‘rinlarini yaratish uchun harakatlantiruvchi kuchdir”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.
OTB tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan moliyaviy islohotlar O‘zbekiston hukumatining davlat banklarini tijoratlashtirish borasidagi sa’y-harakatlariga ko‘maklashadi.
Shuningdek, mikromoliya tashkilotlarini rivojlantirish uchun qulay muhit yaratishga yordam beradi, shunda ular fermerlar, mikro va kichik korxonalar ehtiyojlariga yaxshiroq xizmat ko‘rsatishi va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashi mumkin.
Avvalroq “Spot” OTB O‘zbekistonda energetika va moliya sohalarini isloh qilishga $400 mln ajratgani haqida yozgandi.
Energetika regulyatorini yaratish bilan birga kapital bozorlarini tartibga solish alohida organga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.