Soliq va bojxona imtiyozlarini berishni nazarda tutuvchi ayrim hujjatlarga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan yo‘lovchilarni yagona tariflar bo‘yicha tashish xizmatlarini ko‘rsatish aylanmasi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari yagona ishtirokchisi hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

Bunda yangi yildan boshlab yagona tarif bo‘yicha yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun QQS imtiyozlari to‘xtatiladi. Hozirda ular shahar jamoat transporti (taksidan tashqari) va shaharlararo poyezdlar uchun amal qiladi.

Shuningdek, yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish tarzidagi imtiyozni bekor qilgan holda, mazkur yer uchastkalari bo‘yicha soliq stavkasi 50%ga kamaytiriladi.


Avvalroq “Spot” jamoat transportini boshqarishning yagona intellektual tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.

Mazkur tizim orqali haydovchilar ishi va pul tushumlarining nazorati, avtobuslar texnik holatini monitoring qilish ishlari amalga oshiriladi.