Vazirlar Mahkamasining 16-sentabrda qabul qilingan qarori bilan ta’lim krediti berish tartibiga o‘zgartirish kiritildi. Bu haqda “Ta'lim nazorati” “Telegram” kanali xabar berdi.
Hujjat bilan, oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi.
2024/2025 o‘quv yilidan ta’lim krediti ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi (GPA) “3” dan past bo‘lsa, to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80%i miqdorida ajratiladi. Bunda kredit to‘lov-kontrakt summasining dastlabki 20%i talaba tomonidan to‘langandan keyin beriladi.
Talaba baholari “3” va undan yuqori yoki “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oila a’zosi bo‘lsa, ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.
Talabaning “GPA” ko‘rsatkichi va tegishli ma’lumotlari “HEMIS” axborot tizimi orqali olinadi. To‘lov-kontrakt to‘g‘risidagi ma’lumotlari esa kontrakt.edu.uz axborot tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Ta’lim krediti olish uchun belgilangan tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan banklarga Yagona portal (my.gov.uz), “Ta'lim krediti” (talim-krediti.mf.uz) axborot tizimi yoki to‘g‘ridan- to‘g‘ri murojaat qilish mumkin.
Kredit oluvchi tomonidan ta’lim kreditini olish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri bankga murojaat qilinganda, bank ular uchun ochilgan “Ta'lim krediti” (talim-krediti.mf.uz) axborot tizimidagi shaxsiy kabinet orqali ta’lim krediti olish to‘g‘risidagi arizani shakllantiradi.
Joriy yilning may oyida ta’lim kreditini ajratish tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi. Unda “Ta'lim krediti” axborot tizimi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi belgilangan.
Avvalroq “Spot” talabalar uchun banklardagi ta’lim kreditlari haqida ma’lumotlarni va uni olish shartlarini o‘rganib chiqib, bir joyga jamlagandi.