Olis va chekka hududlardagi mahallardagi ehtiyojmand xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun grant loyihalari tanlovi e’lon qilinadi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ma’lum qildi.

Bunda olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida bandligini ta’minlagan tadbirkorlar uchun har birining qiymati 50 mln so‘m bo‘lgan grant ajratiladi.

Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan tadbirkorlar hujjatlarni 15-sentabr kunidan 15-oktabr kuniga qadar topshirishlari mumkin.

Ishtirokchilar soni cheklanmagan bo‘lib, olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan respublikada faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlar ishtirok etishi mumkin.

Tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar umumlashtiriladi va tanlov komissiyasiga taqdim etiladi.


Avvalroq “Spot” xotin-qizlar uchun hududlar bo‘yicha qo‘shimcha grant kvotasi tasdiqlangani haqida yozgandi.

2024−2025 o‘quv yilida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun jami 2 mingta davlat granti ajratiladi.