Pavel Durovning uch nafar farzandining onasi Irina Bolgar “Telegram” messenjerini birgalikda orttirilgan mulk deb atadi.

“Bizning nikohimiz rasman qayd etilmagan va birgalikda orttirilgan mulk — „Telegram“ messenjeri faqat uning nomiga rasmiylashtirilgan”, — degan Irina Bolgar.

“Men ulardan ishonchnomalar orqali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldim, garchi ularni [aktivlar] ishlatishga ruxsat berilgan bo‘lsalarda, mening huquq va manfaatlarim to‘liq himoya qilinmagan hamda ma’lum bo‘lishicha, istalgan vaqtda buzilishi mumkin”, — deb yozadi u “Instagram"dagi sahifasiga.

Bolgarning so‘zlariga ko‘ra, u bolalar uchun maqsadli jamg‘armalar ochilishi haqidagi “va'dalarga ishongan”, ammo bu amalga oshirilmay qolib ketgan.

Shuningdek, Irinaning qayd etishicha, Durov unga va bolalariga vada qilgan qimmatbaho ko‘chmas mulkni ham olib bermagan.

“Huquqiy nuqtai nazardan, ba’zi mamlakatlarda ro‘yxatdan o‘tmagan munosabatlar mulkiy huquqlarga nisbatan rasmiy nikoh sifatida qaraladi. Boshqa mamlakatlarda haqiqiy nikohni rasmiy deb tan olish imkoniyati mavjud. Uchinchidan, fuqarolik qonunchiligiga muvofiq birgalikda orttirilgan mulk ulushini talab qilish mumkin”, deb yozdi Bolgar “Instagram"da.


Avvalroq “Spot” Pavel Durov Fransiya tergov organlari bilan hamkorlik qila boshlagani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Durov bir nechta jinoiy ishlar bo‘yicha so‘rovlarga javob berdi va ayrim gumondorlarni aniqlashga yordam beradigan ma’lumotlarni taqdim etgan.