Malayziyaning “Meraque Group” kompaniyasi O‘zbekistonda uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi, deya xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

O‘zaro anglashuv memorandumini Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’muriy-xo‘jalik xizmati rahbari Shahobjon Sharifov va “Meraque” bosh direktori Razali Ismoil imzoladi.

Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, u 4,3 mln gektar ekin maydonlarini o‘z ichiga oladi.

“Meraque” kompaniyasi kelgusi uch yil ichida O‘zbekistonda 1000ta ish o‘rni yaratadigan va 100 ming gektar qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatadigan ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun 20 mln Malayziya ringgiti (tahminan $4,78 mln) sarmoya kiritmoqchi.

Kompaniya, shuningdek, mintaqadagi texnologik takomillashtirish uchun qo‘shimcha 30 mln ringgit (tahminan $7,12 mln) yig‘moqchi.

Hamkorlikning asosiy qismi — qishloq xo‘jaligi uchun dronlar ekotizimini yaratish siyosatini ishlab chiqish bo‘ladi, bu esa mamlakatning 100 mingfermeri uchun samaradorlik va barqarorlikni oshiradi.

“Meraque” shuningdek, dron operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘quv dasturlari orqali o‘qitish va bilim almashishga e’tibor qaratadi.


Avvalroq “Spot” Rossiya O‘zbekistonda dron ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek, qo‘shma temir yo‘l muhandislik quvvatlarini yaratishga qaror qilindi.