Avvalroq prezident 18-sentabr kuni bojxona va soliq imtiyozlari tizimiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, 2025-yilning 1-yanvaridan yangi soliq imtiyozlari kelasi yil boshidan kuchga kiradi. Ayni paytda soliq to‘lovchilar huquqiy asoslar vujudga kelgan (ular joriy etilgan) paytdan boshlab imtiyozlardan ular amal qiladigan butun davr mobaynida foydalanish huquqiga ega.
Eksportning umumiy tushumdagi ulushi 15%dan ortiq bo‘lgan korxonalar uchun 2019-yilda joriy etilgan eksport uchun tovar va xizmatlarni sotishdan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilindi. Prezidentning tegishli farmoni o‘z kuchini yo‘qotadi.
Bundan tashqari, “Hyatt International” va uning tashkilotlari uchun daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinmoqda. Ular 2020-yilda “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi qurilishi uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan olingan kreditni qaytarish maqsadida taqdim etilgan.
Xalqaro va xorijiy davlat moliya tashkilotlarining davlat tashqi qarzi asosida jalb qilinadigan mablag‘lar hisobidan to‘liq yoki qisman amalga oshiriladigan va QQS bo‘yicha imtiyozlar tatbiq etiladigan infratuzilma loyihalari turlariga aniqlik kiritilmoqda.
Imtiyozlar quyidagi sohalardagi loyihalarga taalluqlidir:
- elektr, gaz va issiqlik ta’minoti;
- suv ta’minoti va kanalizatsiya, suv xo‘jaligi;
- yo‘l-transport infratuzilmasi;
- aloqa va telekommunikatsiyalar;
- agrologistika;
- sanitariya tozalash va qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish.
Kripto-aktivlar aylanmasi bilan bog‘liq operatsiyalar 2029-yilgacha soliqqa tortish obyekti qatoriga kiritilmaydi. Ulardan olingan daromadlar soliqlar bo‘yicha soliq solinadigan bazaga kiritilmaydigan davr ham shu sana bilan cheklanadi.
Qaror bilan Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Mazkur hujjat qabul qilingandan keyin yuqoridagi normalar kuchga kiradi.
Avvalroq biznes uchun imtiyozlar va subsidiyalarni sinov muddati bilan joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.