Xorijiy mamlakatlardan olib kelingan turist uchun subsidiyalar berish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Buning uchun turoperatorlar o‘rtasida har chorakda tanlov o‘tkazilib, eng yaxshi loyiha egalari tanlab olinadi.
G‘oliblarga O‘zbekistonga turistik oqim past bo‘lgan xorijiy mamlakatlardan turistlarni jalb qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun teng ulushlarda $20dan $100gacha rag‘batlantiruvchi subsidiya ajratiladi.
Tanlov doirasida hujjatlar qabuli bir oy davom etib, undan keyin 20 kun ichida hujjatlar ko‘rib chiqiladi. Belgilangan muddatdan kech taqdim etiladigan arizalar qabul qilinmaydi.
Tanlovda ishtirok etish uchun turoperator subsidiya@uzbektourism.uz elektron pochta manziliga quyidagi ma’lumotlarni yuboradi:
- O‘zbekistonning turizm salohiyatini xorijda targ‘ib qilish rejasi;
- turistik oqim past bo‘lgan xorijiy mamlakatlardan turistlarni jalb qilish (oylar kesimida) rejalari;
- charter reyslarini tashkil qilish rejalari;
- jalb qilinishi rejalashtirilgan xorijiy turistlar uchun turpaketlarning mavjudligi.
Qog‘oz shaklida to‘ldirilgan va pochta orqali yuborilgan arizalar (unga biriktirilgan boshqa hujjatlar) ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi va ko‘rib chiqilmaydi.
Tanlov ikki bosqichda tashkillashtiriladi. Birinchi bosqichda turoperatorning taqdim etilgan loyihalari 10 kun muddatda o‘rganib chiqiladi va saralanadi.
Ikkinchi bosqichda saralangan turoperatorlar komissiya huzurida o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazadi va uning natijasi bo‘yicha 10 kun muddatda baholanadi.
Nomzodlar quyidagi mezonlar asosida tanlab olinadi:
- turizm sohasidagi yetarli tajribaning mavjudligi;
- ilgari tashkil etilgan loyiha va dasturlarning samaradorligi;
- sayyohlarni jalb qilishga qaratilgan ma’lum bir davlatdagi PR-kampaniya bo‘yicha taqdim etilgan marketing strategiyasi va rejalari mavjudligi;
- moliyaviy barqarorlik va turoperator faoliyatining shaffofligi;
- loyiha bo‘yicha taqdimoti.
Turoperatorlarga subsidiyalar joriy yildan boshlab 2027-yilgacha ajratiladi. Agar tanlov maqsadi va mezonlariga javob beruvchi turoperator aniqlanmasa, qaytadan tanlov e’lon qilinadi.
Subsidiya berish tartibi bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.
Bundan tashqari, turistik oqim past bo‘lgan davlatlar ro‘yxati hamda ajratiladigan subsidiya miqdori haqida bu yerdan bilib olish mumkin.
2023-yilning iyul oyida prezident turizm islohotlarini tezlashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzolagandi. Unda turoperator va aviatashuvchilarning ayrim xarajatlari uchun subsidiyalar ajratish, yangi qurilgan mehmonxonalar uchun xarajatlarining bir qismini qoplash belgilangan.