Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida vazir Aziz Abduhakimov va Xitoyning “China Everbright Environment” kompaniyasi boshqaruvi raisi Xuan Xaysin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Aziz Abduhakimov Xitoyga tashrifi haqida gapirib, chiqindilarni yoqish zavodlaridagi texnologiyalardan hayratda qolganini va Xitoy tajribasini mamlakatda ham o‘zlashtirish niyatida ekanligini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, Farg‘ona va Namanganda chiqindilarni yoqish zavodlarini qurish loyihasiga ham e’tibor qaratildi.

Xitoy tomoni mazkur loyihani tezroq boshlash tarafdori ekanligi, tez orada hududlarni o‘rganish uchun Xitoydan muhandislar guruhi yuborilishi aytib o‘tildi.

Ma’lumot uchun, loyiha doirasida dastlab Farg‘ona va Namangan viloyatlarida, keyin esa boshqa hududlarida ham chiqindilarni yoqish zavodlarini qurish rejalashtirilgan.

Shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni yoqish va elektr energiyasi ishlab chiqarish orqali qayta ishlash sohasidagi ishlarni jadallashtirish masalalari ham muhokama qilindi.


Avvalroq “Spot” Xitoy kompaniyasi Andijonda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarishi haqida yozgandi.

Loyiha qiymati $250 mlnni tashkil etib, qurilish ishlarini joriy yilning oktabrida boshlash rejalashtirilmoqda.