“Ijodiy startaplar tanlovi"ga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlov joriy yilning 4-oktabrida “CAEx"da o‘tkaziladigan Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha 4-Butunjahon anjumani doirasida bo‘lib o‘tadi. U startap ekotizimini yoritishga qaratilgan.
27-sentabr kuni Yoshlar press-klubida tanlov yuzasidan birinchi taqdimot (pitch day) o‘tkazilib, ichki qo‘mita tomonidan eng yaxshi 10ta startap tanlab olinadi. Shu bilan birga, ularga keyingi bosqichga yo‘llanma beriladi.
Ishtirokchilar xalqaro ekspertlar guruhi, jumladan venchur jamg‘armalari hamda biznes vakillaridan yordam olishlari mumkin. Ularga bozorga moslashish uchun biznes g‘oyalarini takomillashtirish va mustahkamlash yuzasidan konstruktiv fikr-mulohazalar beriladi.
Shuningdek, “IT Park” tomonidan moliyaviy mukofotlar va Yoshlar ishlari agentligidan ta’lim sovg‘alariga ega bo‘lgan 3ta g‘olib jamoalar tanlab olinadi.
Nomzodlarning sanoat yo‘nalishidagi startap loyihalari quyidagi ijodiy sohalar bilan bog‘liq bo‘lishi kerak:
- san’at;
- dizayn;
- moda;
- o‘yin va interaktiv media;
- badiiy kontent yaratish;
- “aqlli” shaharlar va shaharsozlik;
- texnologiyalar.
Shuningdek, startap innovatsion yechimni qanday joriy etishni yoki bozordagi bo‘shliqni qanday hal qilishni, mahalliy va xalqaro miqyosda o‘sish potensialini ko‘rsatishi kerak. Bunda moliyaviy jihatlar, zarur investitsiyalar, daromad va xarajatlar prognozi ham inobatga olinadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar 25-sentabrgacha havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq “IT Park” Lissabondagi “Web Summit"da ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladigan startaplarni saralab olish tanlovini e’lon qilgandi.