“BILLZ” fintex startapi “Pre-Series A” investitsiya raundini muvaffaqiyatli yakunladi, bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Startapning umumiy qiymati $10 mlnga baholanib, investitsiyalar hajmi $500 mingni tashkil etdi. Raundni Qozog‘istonning “FinQ” faktoring kompaniyasi, “Activat VC” va “Aloqa Ventures” venchur fondlari boshqardi.
“Markaziy Osiyoning yetakchi investorlari ishonchini qozonganimizdan juda mamnunmiz. Bu bizga kompaniyaning bozordagi mavqeini mustahkamlab, ko‘lamini kengaytirishni davom ettirish imkonini beradi. Jalb etilgan mablag‘lar mahsulot turlarini yaxshilash va rivojlantirishga hamda kompaniyaning Markaziy Osiyo bozorlaridagi ishtirokini kengaytirishga yo‘naltiriladi” — dedi “BILLZ” rahbari Rustam Hamdamov.
2017-yilda ishga tushirilgan “BILLZ” platformasi chakana savdoni avtomatlashtirish uchun yechimlarni ishlab chiqadi. Xizmat mahsulotlarni boshqarish, xodimlar va moliya, analitika, CRM, jamoaviy treninglar, shuningdek, bozorlar bilan integratsiyalashuv vositalarini taklif etadi.
Platforma orqali do‘konlar $120 minggacha garovsiz moliyalashtirishni jalb qilishlari mumkin. Hamdamovning so‘zlariga ko‘ra, hamkor bank bilan birgalikda ajratilgan mablag‘larning umumiy miqdori $10 mlnga yaqin.
“BILLZ” xizmatlari turli savdo segmentlari uchun moslashtirilgan versiyalarda mavjud. Kompaniya yechimlaridan hozirda 3 mingdan ortiq do‘konlar foydalanmoqda — bu bir yarim yil oldingiga nisbatan uch baravar ko‘p, uning savdo markazlari segmentidagi ulushi esa 40%ga yetdi.
O‘zbekiston va Qozog‘istondan tashqari, “BILLZ” Qirg‘iziston, Tojikiston, Gruziya va Ozarbayjondagi mijozlar bilan ham ishlashni boshladi. Yaqinda kompaniya Olmaota va Ostona shaharlarida xorijiy vakolatxonalarini ochdi.
Shuningdek, kompaniya franchayzing dasturini ham ishga tushirdi. Bu hamkor bo‘lishni xohlovchilarga “BILLZ” xizmatlarini sotish imkonini beradi.
Avvalroq “TBC Bank Uzbekistan” Shveysariyaning “BlueOrchard” investitsiya fondidan $25 mln jalb qilgani haqida xabar berilgandi.