Paxtachilikda navlarni sinashning yangi tizimi joriy qilinadi. Bu haqda 19-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida qishloq xo‘jaligidagi islohotlar ijrosiga oid taqdimotda ma’lum qilindi.
Mamlakatda 136ta tumanda 1 mln gektardan ziyod yerda paxta yetishtiriladi. Hosildorlikni oshirish maqsadida bu yil, odatdagilariga qo‘shimcha, 42ta istiqbolli va 18ta xorijiy navlar ekilgan. Qariyb 100 ming gektarda birinchi marta Xitoy, Hindiston va Turkiyadan olib kelingan navlar yetishtirilmoqda.
Shuningdek, yangi tajribalar sifatida 112 ming gektarga tindirilgan urug‘, 200 ming gektarga viloyatlararo va tumanlararo navlar almashlab ekildi. Davlat rahbari xorijdan urug‘ olib kelishda raqobat muhitini yaratish, paxta yetishtirish agrotexnikasini ham rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Ko‘p fermerlar urug‘lik uchun ustamani kam to‘lashni o‘ylab, past avlodli urug‘ ekayotgani, yangi urug‘ navini sinovdan o‘tkazib, davlat reyestriga kiritishga esa 5 yil ketayotgani ta’kidlandi.
Ilg‘or tajribada birlamchi urug‘chilikni xususiy elita xo‘jaliklari amalga oshirishidan kelib chiqib, navlarni sinashning yangi tizimi joriy qilinishi belgilandi.
Unga ko‘ra, 31ta elita urug‘chilik xo‘jaligi va 6ta urug‘lik tayyorlash sexidagi davlat ulushi ommaviy savdolarga chiqariladi. 46ta urug‘chilik korxonasi birlashtirilib, hududlarda 13ta korxona tashkil etiladi. Yangi urug‘lar 2 yilda ekishga joriy qilinadi.
Bundan oldin Xitoyning “Hebei Taiqian Technology Co” kompaniyasi Toshkent viloyatida Xitoy texnologiyasi asosida paxta yetishtirishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev bilan kompaniya rahbari Yao Guihong ishtirokidagi uchrashuvda zarur uskuna va texnikalar, urug‘ navlarini Xitoydan keltirish, sug‘orish tizimi, yer ajratish, eksport qilish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.
Loyiha doirasida aukson savdolari orqali yoki 30 yilga ijara shartnomasi asosida Bekobod, Oqqo‘rg‘on tumanlaridan yer ajratilishi mumkin.
Avvalroq birjada sotilgan paxtaning har bir tonnasi uchun 1 mln so‘m miqdorida subsidiya berilishi haqida xabar berilgandi. Bir tonna paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxi 7,8 mln so‘mni tashkil etadi.