Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalaridagi takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Havoni musaffo saqlash, ekologik hodisalarning ta’sirini kamaytirish maqsadida ikkita dastur ishlab chiqildi. Shundan birinchisi chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 2024−2030 yillarga mo‘ljallangan milliy dastur hisoblanadi.
Hujjatda “Yevro-4” standartidan past toifadagi yoqilg‘ini sotish va undan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘liq taqiqlash nazarda tutiladi. Buning uchun Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari yuqori sifatli yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha modernizatsiya qilinadi.
Ikkinchisi Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi bo‘lib, unga ko‘ra, kelgusi 5 yilda poytaxt va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarida 441 gektar “yashil belbog‘” va bog‘lar tashkil qilinadi.
Sanitar tozalash ishlarini tartibga solish maqsadida mavjud markaz negizida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligini tuzish taklif etilmoqda. Sanitar tozalash korxonalarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga qarab, uchta toifaga ajratgan holda reyting tizimi joriy qilinadi.
Yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kv.metrdan ortiq bo‘lgan binolarni loyihalashtirishda unga tutash hududlarning kamida 25%ini ko‘kalamzorlashtirish talabi qo‘yiladi. Shuningdek, atrof-muhitga zarari ko‘p sanoat korxonalari ham “yashil belbog‘“lar barpo etish majburiyatini oladi.
Ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, faol insonlarni rag‘batlantirish maqsadida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish taklifi bildirildi.
Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Orxus konvensiyasiga qo‘shilish masalasi ko‘rib chiqildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik bo‘yicha modda kiritish maqsadga muvofiqligi aytildi. Shuningdek, daraxtlarni kesish va qasddan quritish, daryo o‘zanlaridan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash kabilar uchun jarimalarni oshirish va qat’iylashtirish choralari ko‘riladi.
Hukumatning 2019-yilning 27-mayidagi qarori bilan mamlakatda ekologik markirovkalash tizimi joriy etilgan. Endi ISO 14024 xalqaro standartiga muvofiq, “Yashil belgi” nomi ostida mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 2 336ta xo‘jalik yurituvchida avtomatik monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va suv tozalash inshootlarini o‘rnatish bo‘yicha tarmoq jadvallari tasdiqlanadi.
Ekologiya vazirligi huzurida jamoatchilik nazorati ostida boshqariladigan va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Yashil xayriya jamg‘armasi” tashkil etiladi. Elektron xarid ilovalarida “Yashil to‘lov” ixtiyoriy ustama turi ochiladi.
Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev 2025-yildan AI-80 benzinidan voz kechishni topshirdi. Toshkentda Yevro-4dan past standartdagi yoqilg‘idan foydalanishning salbiy ta’sirini kamaytirish rejalashtirilgan.
Aprel oyida Fransiyaning “Aksens” kompaniyasi “O‘zbekneftgaz"ga Buxoro NQIZni modernizatsiya qilishda yordam berishi ma’lum bo‘ldi. Joriy yilning noyabr-dekabr oylarida AI-91 va AI-92 benzinlarini ishlab chiqarish, 2025-yil boshidan AI-80 benzinidan butunlay voz kechishni boshlash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, kelgusi besh yilda Toshkent va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarida kamida 3 ming gektar “yashil belbog‘” va 200 gektar “yashil bog‘lar” tashkil qilish belgilangan. Yirik qurilish materiallari, energetika, metallurgiya korxonalari tomonidan 5 gektardan “yashil belbog‘” yaratib, 10 mln tup daraxt ekish tashkil etiladi.