Joriy yilning 20-sentabr kuni o‘tkazilgan Oliy Majlisi Senatining ellik yettinchi yalpi majlisida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistonda bo‘lishini nomaqbul deb topuvchi qonun loyihasi ma’qullandi.
Majlisda “Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati tog‘risida"gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish tog‘risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
“So‘nggi vaqtlarda ayrim chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekiston suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga, xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo milliy, diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, xalq sha’nini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar hamda harakatlar sodir etish holatlari uchramoqda. Tinchlikka rahna soluvchi chiqishlar jamoatchilikda havotir uyg‘otmoqda”, — dedi senator Anvar To‘ychiyev.
Qonunchilikda bunday harakatlarni sodir etgan xorijiy fuqarolarga huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash belgilanmagan. Natijada, davlat va jamiyat manfaatlariga sezilarli darajada zarar yetkazishi mumkinligi aytildi.
Qonun loyihasi bilan O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxatini yuritish belgilanmoqda. Yuqorida sanab o‘tilgan harakatlarni sodir etgan xorijiy shaxslar mazkur ro‘yxatga kiritiladi.
Bunda ular bu ro‘yxatga kiritish, uni yuritish tartibi hukumat tomonidan belgilanadi hamda ro‘yxat Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi. Ro‘yxatga kiritilgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmaganlar O‘zbekiston hududiga belgilangan muddatga kiritilmaydi hamda ularga nisbatan cheklovlar joriy qilinadi.
Bunda ularning besh yil davomida O‘zbekistonga kirishi, bank hisobvaraqlarini ochishi, ko‘chmas mulk obyektini sotib olishi, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etishi, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishi mumkin emas.
Bu cheklovlarni qo‘llashda ro‘yxatga kiritilgan shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan O‘zbekistonda joylashgan mulkini sotishi yoki hadiya etishi bundan mustasno.
Agar chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs ro‘yxatga kiritilib, mamlakatda vaqtincha turgan yoki doimiy yashayotgan bo‘lsa, O‘zbekistondan chiqib ketishi uchun 10 kun muhlat beriladi. U belgilangan muddatda mamlakatdan chiqib ketmasa, IIO tomonidan deportatsiya qilinadi.
Xorijiy fuqarolarning ro‘yxatda bo‘lish muddati 5 yilni tashkil etadi. Agar ular ro‘yxatga kiritish uchun asos bo‘ladigan sabablarni bu muddat ichida bartaraf etishsa, muddatidan oldin belgilangan tartibda ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin.
2023-yilning noyabrida hukumat qarori bilan chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmaganlarni O‘zbekistonga taklif qilish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangandi.