Avvalroq 19-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligidagi islohotlar ijrosiga oid taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishlari borasida ham taqdimot qilinib, mamlakatda mavjud 266 ming gektar bog‘ va 132 ming gektar tokzor unumdor tabiatga yarasha emasligi qayd etildi. Hududlarda yaxshi foydalanilmayotgan yerlar, bo‘sh adirlar mavjud.
Endi bunday yerlarda mevali bog‘lar, jumladan, uzumzor va olmazorlar barpo etishning yangi tizimi joriy qilinadi. Bunda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi loyihalarning texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqadi. Buning uchun hududlarning ixtisoslashuvi hamda tuproq-iqlim sharoiti inobatga olinadi.
Yerni tayyorlash, ko‘chat olish, ekish va sug‘orish tizimlari o‘rnatish hamda bog‘ hosilga kirguncha 3 yil parvarishlash uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Yangi tashkil etilgan sanoatlashgan bog‘larga 100% suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatiladi.
Shuningdek, bunday loyihalarga yer ajratish tizimi ham o‘zgaradi. Mahalliy hokimlar hosildorligi past yerlar o‘rnida bog‘ barpo etish bo‘yicha taklif kiritadi. Ular ochiq elektron tanlov asosida 30 yil muddatgacha ijaraga beriladi.
“Asosiy maqsadimiz qishloq xo‘jaligini ilmiy asoslangan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining eng yaxshi tajribalarini tatbiq qilgan holda rivojlantirish”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Taqdimotda issiqxona xo‘jaliklaridan ham samarali foydalanish, ularni elektr energiyasi, tabiiy gaz va aylanma mablag‘ bilan ta’minlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Hududlarda 732 ming gektar paxta va g‘alla maydoni ichki nasos agregatlari orqali sug‘orilmoqda. Ularning 41%ida energiya iste’moli yuqori ekanligi qayd etildi.
Paxta va g‘alla yetishtiruvchilar ixtiyoridagi nasoslarni modernizatsiya qilish uchun bir martalik subsidiya ajratishni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Bu orqali elektr energiyasi sarfi va sug‘orish vaqtini 60%gacha kamaytirishga, pirovard natijada mahsulot tannarxini pasaytirishga erishiladi.
Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, ularni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Iyul oyida issiqxonalarga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun subsidiya ajratilishi ma’lum qilingandi. $1 ming miqdoridagi subsidiyani barqarorlik reytingi B va undan yuqori tadbirkorlar olishlari mumkin.