“Hamster Kombat” mini-ilovasi 20-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:00da yangi tangalar ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Bu haqda o‘yinning rasmiy “Telegram” kanalida xabar berilgan.
“Tayyor turing, biz 12 soat ichida natijalarni qayd qilamiz”, deyiladi Toshkent vaqti bilan soat 11:00da e’lon qilingan postda.
Foydalanuvchilarga mablag‘larni yechib olish uchun biriktirilgan manzil mavjudligini tekshirish tavsiya etilgan. Manzil tasdiqlanishi kerak (nomning yonidagi tasdiq belgisi bilan ko‘rsatiladi).
“Hamster Kombat” joriy yilning 26-mart kuni “Telegram"da ishga tushirildi. U ishlab chiquvchilar tomonidan ekranga bosish va boshqa vazifalarni bajarish (tap-to-earn) orqali virtual tangalarni “qazib olish” o‘yini sifatida tavsiflanadi.
“The Bell” nashri ishlab chiquvchilar bilan tanish bo‘lgan odamlarga tayanib, rossiyalik IT-biznesmen Eduard Gurinovichning “Hamster Kombat” yaratishdagi ishtiroki haqida yozadi. U “CarPrice” avtomobil sotish platformasi va “CarMoney” avtomobillarni garovga olish asosida qarz berish kompaniyasiga asos solgan.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bu o‘yin kripto-aktiv bo‘lishi uchun blokcheyn texnologiyasi, uning qiymati va egasi bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Shundagina u mulkiy huquqqa tenglashtirilishi mumkin.
“Telegram” asoschisi Pavel Durov iyul oyi boshida “Hamster Kombat"ni tarixdagi eng tez rivojlanayotgan servislardan biri deb atagandi. Ishga tushganidan keyin uch oy ichida deyarli 240 mln foydalanuvchi o‘yinga ulangan.
“Hamster Kombat” jamoasi 26-sentabr kuni “HMSTR” tokenining ro‘yxatga olinishini e’lon qildi. “OKX” kripto-birjasi birinchi bo‘lib yangi aktiv bilan savdoni boshlash rejalarini e’lon qildi, keyin “Bybit”, “Bitget”, “Bitfinex” va “Binance” qo‘shildi.
Ikkinchisi 19-sentabrdan boshlab “Launchpool” oldindan kirish token platformasida “HMSTR” farmingni ishga tushirishga va’da berdi. Shuningdek, o‘yin aktivini qo‘llab-quvvatlash “Telegram Wallet” xizmatida paydo bo‘ladi. Uni p2p bozorida sotish va boshqa kriptovalyutalarga almashtirish mumkin.
Avvalroq ekspertlar O‘zbekistonda “Toncoin"ning ishga tushirilishi mahalliy kripto-aktivlar bozoriga qanday ta’sir qilishi haqida munosabat bildirgandi.