Pokiston Belarusdan Hind okeanigacha bo‘lgan transport koridori loyihasiga rasman qo‘shildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
18-sentabr kuni Pokiston aloqa vaziri Abdul Alim Xon loyiha bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Hujjat Belarus-Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston xalqaro transport koridorini yaratish va rivojlantirishga qaratilgan.
Transport vazirligi Pokistonning loyihaga qo‘shilishini “mintaqaviy savdo aloqalarini mustahkamlash va xalqaro yuk tashish jarayonini tezlashtirishdagi muhim qadam” deb atadi. Yo‘lak tovarlarni tranzit qilish uchun samarali yo‘nalishni ta’minlashi kerak.
Loyiha muhokamasi O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining o‘zaro hamkorligi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhining 2022-yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida boshlangan. Loyihaga Rossiya va Belarusdan alohida qiziqish bildirildi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov yo‘lak yaratish tashabbusini 2023-yil iyun oyida Mixail Mishustin bilan muzokaralar chog‘ida ma’lum qilgan edi.
Hukumat rahbari yangi yo‘laklarni ishga tushirishda istiqbolli savdo bozorlarini ochish imkoniyatini ta’kidladi.
2023-yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan ShHT davlatlarining transport forumida Belarus-Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston yo‘lagi bo‘yicha memorandum imzolandi.
Unda dastlab Toshkent, Ostona va Moskva ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilning aprel oyida unga Belarus qo‘shildi.
Bunga parallel ravishda O‘zbekiston Afg‘oniston va Pokiston hukumatlari bilan o‘zaro yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Iyul oyi boshida transport vaziri o‘rinbosari Mamanbiy Omarov uch davlat o‘rtasida tranzit to‘g‘risida bitim tuzish rejalari haqida ma’lum qilgan edi.
Avvalroq “Spot” Pokiston O‘zbekiston va yana 125 mamlakat uchun soddalashtirilgan viza rejimini joriy qilgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, ushbu davlatlar uchun viza to‘lovi bekor qilinib, ariza berish jarayoni ancha soddalashtirilgan.