Toshkentdagi yirik supermarketlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasaydi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.
MHTI mutaxassislari poytaxtdagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqdi. Tahlil 8-avgust va 12-sentabr kunlari o‘tkazilgan monitoring ma’lumotlari asosida qilindi.
Natijada 8 xil mahsulot bo‘yicha minimal narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan pasayganligi aniqlandi.
Xususan, olmaning minimal narxi 28,2%, pomidorniki 18,7%, karamniki 15,9%, limonniki 13,8%, grechkaniki 5,9%, tovuq go‘shtniki (file) 3,1%, sariq piyozniki 2%, shakarniki 1,6% pasaygan.
9 nomdagi mahsulotning minimal narxlari oshgan. Narxining oshishi bo‘yicha kartoshka yetakchi bo‘ldi. Bu esa mavsumiy omil bilan bog‘liq.
Bundan tashqari 4 nomdagi mahsulotning eng past narxlari o‘zgarishsiz qolgan. Ularning orasida bug‘doy uni, guruch, qizil sabzi va tuxum.
Avvalroq “Spot” Toshkentdagi savdo shoxobchalarida 8 nomdagi mahsulotning sifatsiz ekani aniqlangani haqida yozgandi.
Raqobat qo‘mitasi kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlar savdosiga chek qo‘yish choralarini ko‘rmoqda.