Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan 10 000 ta kvota bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi. Bu haqda Bilimni baholash agentligining Test sinovlarini tashkil etish va nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Jamshidbek Odilov xabar berdi.
Avvalroq Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun bazaviy to‘lov-kontrakt asosida 10 mingta qo‘shimcha kvota tasdiqlangandi.
Mazkur kvota quyidagi talablarga mos keladigan abituriyentlar hisobidan shakllantirilgan:
- davlat OTMlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan;
- doimiy yashash hududi Qoraqalpog‘iston bo‘lgan (ro‘yxatdan o‘tish davrida);
- Qoraqalpog‘istondagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarini tamomlagan;
- kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori ball to‘plagan, lekin talabalikka tavsiya etilmagan.
Qo‘shimcha kvota ta’lim yo‘nalishlari va tumanlar kesimida tasdiqlangan bo‘lib, abituriyentlarning tamomlagan ta’lim muassasasi joylashgan hudud asosiy mezon sifatida olingan.
Masalan, doimiy yashash hududi Xo‘jayli tumanida bo‘lgan abituriyent Nukus tumanidagi maktabni tamomlagan bo‘lsa, Nukus tumani uchun ajratilgan kvota doirasida tanlovda ishtirok etgan.
Qo‘shimcha kvota doirasida talabalikka tavsiya etilgan qoraqalpog‘istonlik yoshlar tavsiya etilganlik holatini my.uzbmb.uz sayti orqali shaxsiy kabinetidan bilishlari mumkin.
Shuningdek, mandat.uzbmb.uz sayti orqali qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan kvota doirasida tumanlar va ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi o‘tish ballari bilan tanishish mumkin.
Avvalroq kollej va texnikumlarda o‘qishni xohlovchilar uchun qo‘shimcha qabul boshlangandi. Buning uchun nomzodlar 25-sentabrgacha my.uzbmb.uz orqali onlayn yoki bevosita ta’lim muassasasining o‘ziga murojaat qilishlari mumkin.