Joriy yilning 20-sentabr kuni Senatning 57-yalpi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Xususan, mazkuri kodeksning 171-moddasi oltinchi qism bilan to‘ldirilib, unda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida o‘z vaqtida fuqaroni xabardor etish va chora ko‘rish bilan bog‘liq yangi norma kiritilmoqda.
Bunda yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida YHXXga yuborilmasa haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
Shuningdek, tez tibbiy yordam hamda yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari katta tezlikda yoki yo‘l belgilariga rioya etmay harakatlanishi bilan bog‘liq holatlar avtomatlashtirilgan foto va video texnik vositalar orqali qayd etiladi.
Mazkur transport vositalari tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talabi bekor qilinmoqda.
Skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, ular haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun bilan yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmatni o‘tash vaqtida yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga joyning o‘zida jarima qo‘llashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilinmoqda.
Yo‘l harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yo‘lning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan. Qonunda yuk avtomobillari yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanganligi uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.
Mazkur qonun loyihasi senatorlar tomonidan ma’qullandi. Endi hujjat prezident tomonidan imzolangandan keyin kuchga kiradi.
Joriy yilning aprel oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mazkur qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi. Iyul oyiga kelib loyiha ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.