Rossiyada O‘zbekistondan tashrif buyurgan fuqarolar to‘lov uchun foydalanadigan turistik kartani yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “TACC” agentligiga Rossiya Davlat dumasi turizm qo‘mitasi rahbari Sangadji Tarbaev ma’lum qildi.
Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasidagi sayyohlik salohiyati taqdimotida deputat Rossiyaga kiruvchilar orasida o‘zbekistonliklar eng katta guruhni tashkil etishini ta’kidladi.
Tovar va xizmatlar uchun to‘lov mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda muhim o‘rin tutadi, deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiya emitentlari tomonidan qo‘llanilayotgan “Mir” to‘lov tizimi “xalqaro argumentlar tufayli” O‘zbekistonda ishlamayapti. Tomonlar naqd pulsiz hisob-kitoblar uchun imkoniyatlar yaratish ustida ishlamoqda.
“Iqtisodiy rivojlanish vazirligi va Moliya vazirligi mutaxassislari yordamida o‘zbekistonlik sayyohlarga „Mir“ tizimi asosida virtual hisoblar yaratish orqali Rossiyada to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi turistik karta ishlab chiqilmoqda”, — dedi Tarbaev.
“Uzcard” 2022-yil sentabr oyida texnik va profilaktik ishlar olib borilishi sabab “Mir” kartalariga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, boshqa mamlakatlardagi bir qator banklar ham “Mir” kartalari bilan ishlashni to‘xtatdilar.
Bu AQSh “Mir” to‘lov tizimi rahbari Vladimir Komlyovga qarshi sanksiyalar e’lon qilganidan keyin sodir bo‘ldi.
Bunga Komlyovning “Mir"ni boshqa mamlakatlarda targ‘ib qilib, Rossiyaga xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishga imkon bergani sabab qilib ko‘rsatilgandi.