Raqobat qo‘mitasi Surxondaryoda “Toza hudud” korxonasi aholidan 3,2 mlrd so‘m ortiqcha mablag‘ undirilganini aniqladi.

Qo‘mitaning Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi 2024-yil II-yarim yillik ish rejasiga muvofiq Surxondaryo viloyati “Toza hudud” DUKda aholiga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va holati hamda iste’molchilardan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun pul olish holati yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi.

O‘rganish va tahlillarda mazkur viloyat “Toza hudud” korxonasi mavjud tartib-qoidalarga rioya qilmagan aniqlandi.

Unag ko‘ra, ya’ni tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilmasdan (tasdiqlamasdan) yoki kelishib olmasdan qo‘llanilishi natijasida 522,6 mln so‘m, ko‘rsatilmagan xizmat uchun 2,7 mlrd so‘m, jami 3,2 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha daromad olinganligi holati aniqlandi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida"gi Qonunning 18-moddasi, “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunning 21-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 722-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomi talablari buzilganligi alomatlari bilan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga (“Toza hudud” DUK) nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Shuningdek, 3,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.


Avvalroq “Spot” Gulistonda chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha 260 mln so‘mdan ortiq qarzdorlik hisobdan chiqarilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasi tomonidan hisob-kitoblar va amalda ko‘rsatilgan xizmatlar o‘rtasidagi tafovutlar aniqlangan.