Toshkentda talabalarga turar-joy va ijara xonadonlar topishda ko‘mak beradigan markaz ish yuritishni boshlagan. Bu markazlar barcha davlat oliy ta’lim muassasalari hududiga kirish joylarida faoliyat ko‘rsatadi.
Poytaxt bo‘ylab 29ta davlat oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha 60ta markaz (shtab) tashkil etilish rejalashtirilgandi
Bundan tashqari, eng namunali “Talabalarni turar joy bilan ta’minlash” markazlarini rag‘batlantirish belgilangandi. Bunda markazlar 20 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.
“Spot” O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tashkil etilgan markaz misolida ularning faoliyati, talaba qay tartibda markazga murojaat qilishi mumkinligi haqida videoqo‘llanmani taqdim etadi.
Mazkur universitetning Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat bo‘limi boshlig‘i Doniyor Xamdamov markaz qanday ishlashi haqida tushuntirib beradi.
Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:
Markazlarning asosiy maqsadi
O‘zDJTU Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat bo‘limi boshlig‘i Doniyor Xamdamovning qayd etishicha, bu kabi markazlarning tashkil etilishi talabalarni turar-joy bilan ta’minlashda navbatlarning oldini olish, turar-joysiz qolishlari ehtimolini bartaraf etishga qaratilgan.
“O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘quv binolari 4ta hududda talabalar turar joyi esa 2ta hududda joylashgani sababli, 4ta joyda Talabalarni turar-joy va ijara xonadonlari bilan ta’minlash markazlari 1-avgustdan o‘z faoliayatini boshlagan va oxirgi talaba ijara uy-joyini topmagunigacha ishaydi” — deydi u.
Qanday murojaat qilinadi?
Mutaxassis va volontiyorlardan iborat markaz xodimlari talabalarga quydagilar bo‘yicha yordam beradi:
- universitet hududiga yaqin joydan ijara xonadoni topishga;
- talabalar turar joyi uchun ariza topshirishda.
Markazga kelgan talabalar o‘ziga kerakli yordamni tanlagandan so‘ng mas’ul xodim mos ijara xonadonlarini taqdim etadi yoki TTJga joylashishga ko‘mak beradi.
Ijara xonadonlari qanday tanlanadi?
Mas’ul xodimga ijara xonadoni kerakligi to‘g‘risida ma’lum qilingandan so‘ng, universitet bazasida mavjud bo‘lgan ijara xonadonlari ro‘yxati taqdim etiladi. Talaba o‘quv binosi, masofa, narxlariga qarab mos ijara xonadonini tanlaydi.
Ijara xonadonlar ro‘yxati oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yurituvchi tyuterlar tomonidan shakllantirilgan, bu jarayonda dallollar (makler) ishtirok etmaydi.
Misol uchun, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 1 375ta ijara uylar ro‘yxati mavjud bo‘lib, 8 065 nafar talabaga o‘rin-joy qilingan. Hozirgi kunga kelib 5 636ta joy esa band qilingan.
Har bir universitet uchun alohida ijara xonadonlar ro‘yxati shakllantiriladi. Bu ro‘yxat bilan oliygohlarda tashkil etilgan markazlar orqali tanishish mumkin.
TTJ uchun ariza topshirish tartibi
Markaz xodimlari talabalarga yotoqxonaga joylashishlari uchun elektron ariza topshirishda ko‘mak berishadi. Arizalar Yagona portal orqali (my.gov.uz) qabul qilinadi.
Agarda hujjat topshirish bilan bog‘liq qiyinchiliklar, yoki imtiyozli ariza topshirib rad etilgan taqdirda markazga murojaat qilish mumkin.
Onlayn ariza jo‘natish
My.gov.uz portali orqali xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun hech qanday hujjat talab qilinmaydi.
Imtiyozli talabalarning arizalari ko‘rib chiqilgandan so‘ng, imtiyozsiz talabalar uchun ikkita mavjud. Ya’ni, ularga maxsus navbat raqami berilib, yotoqxonada bo‘sh o‘rinlar bo‘lsa, shu navbat bilan yo‘llanma olinadi.
Agar turar joy imtiyozli talabalar bilan to‘la bo‘lsa, 15 kun ichida rad etish haqida xabar beriladi. Yagona portalda talabalar turar joyiga joylashish navbatini tekshirish ham mumkin. Buning uchun ham hujjat va xizmat haqi talab qilinmaydi va arizachiga avtomatik ravishda natijalarni chiqarib beradi.
“Spot” talabalar yotoqxonasiga onlayn ariza topshirish bo‘yicha videoqo‘llanmani taqdim etgandi.
Kimlarga ustunlik beriladi?
Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida yotoqxonaga qabul qilinadi:
- “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari"ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari"da turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
- bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
- xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
- oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.
Markazda ijara shartnomasi qilsa bo‘ladimi?
Soliq qo‘mitasi vakillari tomonidan markazlarga xodimlar biriktirilgan. Ular ijara xonadonlari, yotoqxona kabi masalalardan tashqari ijara shartnomasini tuzishda ham talabalarga yordam berishadi. Agar talaba markazning o‘zida ijara shartnomasini tuzmoqchi bo‘lsa, buning uchun o‘zi bilan quyidagi hujjatlarini olib kelishi kerak:
- uy egasining roziligi;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjatidan nusxa;
- rasm.
Xususiy xonadonlarga joylashtiriladigan talabalar bilan tuziladigan ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib, Face-ID orqali elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qo‘yiladi.
Ijara shartnomasi nima beradi?
Ijarada yashovchi talabalarga ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi. Buning uchun ijara shartnomasi bo‘lishi kerak.
Talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar quyidagicha qoplanadi:
- Toshkent shahrida — BHMning bir baravari (340 ming so‘m);
- qolgan hududlarda — BHMning yarim baravari (170 ming so‘m).
Bunda ikkinchi va undan yuqori kurs talabalaridan ijara shartnomasi talab etiladi. 1-bosqich talabalari esa sentabr va oktabr oylari uchun shartnomasiz kompensatsiya olishadi. Biroq, undan keyingi oylarda to‘lovlarni qoplashi uchun ular ham ijara shartnomasini tuzishi kerak.
Kompensatsiya uchun talaba o‘zi ta’lim olayotgan fakultetga yoki OTMning talabalarni tura joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga yozma ariza bilan murojaat etishi yokida arizalarni kontrakt.edu.uz axborot tizimi orqali onlayn jo‘natishi mumkin.