Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi vakolati doirasida “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid turizm qonuniyligi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazmoqda.
Ma’lumki, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq turistik faoliyat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi 364-sonli hamda 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, joriy yilning 2-iyulida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi.
O‘z navbatida, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat berilgan (litsenziyaga ega) turoperatorlar ro‘yxati e’lon qilingan bo‘lib, bunday litsenziyaga ega bo‘lmagan subyektlar tomonidan ushbu xizmatlarni ko‘rsatish taqiqlangan.
Tahlillarga ko‘ra, internet va ijtimoiy tarmoqlarda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq reklama axborotlari faollashganligi, tegishli litsenziya va ruxsatnomalar bo‘lmagan holatda ushbu xizmatlar reklama qilinayotganligi kuzatilmoqda.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonun reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish (reklamaning aylanishi) sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi va iste’molchilarni noto‘g‘ri va ishonchsiz reklamadan himoya qiluvchi muhim me’yoriy hujjatdir.
Qonunning 16-moddasiga muvofiq, tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan.
Raqobat qo‘mitasi ziyoratchilarni “Umra” amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh bo‘lishlari va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari maqsadida ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan hamda tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlar xizmatlaridan foydalanishlarini tavsiya etadi.
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan “Umra — 2024"ning navbatdagi mavsumi 10-sentabrdan boshlanishini ma’lum qilgandi.
O‘zbekistonda “Umra” tadbirlarini tashkil etish
2023-yilning avgustida “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, mazkur xizmatlar faqat mahalliy turoperatorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Oktabrdan mazkur xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etilishi belgilangandi. Noyabrga kelib esa qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari qo‘llanila boshlandi.
Shuningdek, Turizm qo‘mitasi Umra tadbirlarini amalga oshirishga ruxsat berilgan litsenziyaga ega turoperatorlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Joriy yilning fevral oyida “Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasi tomonidan fuqarolarni “Umra"dan qaytarish bo‘yicha qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani uchun kompaniya mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Transport prokuraturasi Turizm qo‘mitasidan aviakompaniya bilan hamkorlik qilgan qariyb 40ta turoperator faoliyatini to‘xtatib turishni so‘radi. Shundan so‘ng, qo‘mitaning ayrim turoperatorlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish rejalari ma’lum qilindi.