Joriy yilning 20-sentabr kuni kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi.
Hujjat bilan Markaziy bank faoliyatini tartibga soluvchi, banklar, nobank kredit tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari, elektron hukumat faoliyatida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni ta’minlash belgilanmoqda.
Shuningdek, avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish va bank siri sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, “Markaziy banki to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimcha kiritildi.
Bunda Markaziy bank mikromoliya tashkilotlari, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari, shuningdek banklar, to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari, valyuta birjalarining hamda kredit byurolarining faoliyatida axborot xavfsizligiga va kiberxavfsizlikka tahdidlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘radi.
Joriy yilning iyun oyida Senat mazkur qonun loyihasini ko‘rib chiqqandi. Unda bank axborot tizimlarida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qonunchilik talablarining buzilganligi holati qo‘pol qoidabuzarliklar qatoriga kiritilishi belgilangan.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach — 21-dekabrdan kuchga kiradi.
Avvalroq O‘zbekistonda mikromoliya banklari faoliyatini tashkil etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Mazkur bank ustav kapitalining eng kam miqdori 50 mlrd so‘m etib belgilanadi. Aholi omonatlari kafolatlangan omonat miqdorida jalb qilinadi hamda 5 mlrd so‘mgacha kreditlar beriladi.